Top.Mail.Ru
Vazir E’zoza Karimova imzolagan hujjat ortidan sinf rahbarlari muammosi kelib chiqdi

Vazir E’zoza Karimova imzolagan hujjat ortidan sinf rahbarlari muammosi kelib chiqdi

10:25 / 16.10.2025 5.19k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanishiga 8 kun qolganda imzolangan buyrug‘i bilan sinf rahbarlariga qo‘yilgan talablar o‘zgartirilishi ortidan hududlarda muammolar kelib chiqmoqda.


Gap shundaki, 2025-yil 25-avgustda vazirlikning 308-son buyrug‘iga 5-ilova “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining ayrim buyruqlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar”ga muvofiq vazirlikning “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va sinf rahbarlarining lavozim yo‘riqnomasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2023-yil 27-iyundagi 190-son buyrug‘iga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgandi.


Unga ko‘ra, sinf rahbarlariga oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lish talabi qo‘yildi. Ya’ni, o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarga sinf rahbarlik berish taqiqlandi.

Ko‘pchilikka ma’lumki, hozirgi kunga qadar boshlang‘ich sinflarda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarga ham sinf rahbarlik yuklatib kelingan va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasida Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi deya qayd etilgan. Bunda boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, o‘qish va matematika fanlaridan dars o‘tadigan o‘qituvchilarga yuklatiladi. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 16-maydagi 159-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) rahbar va xodimlarining asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari”da boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi uchun - boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘rta maxsus pedagogik ma’lumot ham yetarli ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.


Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarorining 6-bandi, qarorga 3-ilovaning 4-bandida ham o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar haqida so‘z borgan bo‘lib, mazkur toifadagi pedagoglarni ta’lim muassasasida faoliyat ko‘rsatmasligi haqida norma mavjud emas.


“Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi (ro‘yxat raqami 3271) nizomning 15-bandi, 19-xatboshida ham oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar ta’lim muassasasida faoliyat yuritishi mumkinligi ko‘rsatilgan.


Ammo, yuqorida ta’kidlanganidek, vazirning 308-son buyrug‘i bilan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglarga sinf rahbarlik qilish taqiqlab qo‘yildi. Lekin vazirlik pedagoglarni ishga qabul qilishda asosiy hujjat hisoblangan pedagoglarning malaka talablariga o‘zgartirish kiritmagan hamda mazkur buyruqni ishlab chiqishda boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan normalarni hisobga olmagan yoki ularga muvofiqlashtirmagan.


Aslida mazkur buyruq asosli deb topilgan taqdirda ham undagi talablar amalda ishlab kelayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga tatbiq qilinmay, ushbu norma kelasi o‘quv yilidan kuchga kirishi kerak edi. Yoki, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchilik talablariga mos ravishda tuzilgani batafsil o‘rganib chiqilib, tahlil natijalariga qarab ish ko‘rish lozim edi.


Chunki, Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunning 41-moddasiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.


Ya’ni, vazirlikning buyrug‘i chiqquniga qadar sinf rahbarlik berilgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar 2025-2026-o‘quv yilida ham o‘z faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin edi.


Biroq vazirlik bu haqdagi buyruqni yangi o‘quv yiliga atigi 8 kun qolganida imzolagani hamda uni rasmiy saytiga joylamay, ushbu buyruqning mazmun-mohiyati haqida ham to‘liq tushuncha bermagani sababli, ayni vaqtda ba’zi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish ishlari boshlab yuborilgan.


Chunki, vazir imzolagan mazkur buyruq quyi tizimda qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi oldindan chuqur tahlil qilinmagan ko‘rinadi.


Pedagoglarning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda nafaqat ularni ishdan bo‘shatish, balki ayrimlardan hatto sentyabr oyidagi sinf rahbarlik uchun amalga oshirilgan to‘lovlarni ham davlat budjetiga qaytarish so‘ralmoqda.


Haqiqatdan ham vazirlikning 308-son buyrug‘i sinf rahbarlari bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi tabiiy hol. Bizningcha, vazirlik avval ta’lim muassasalarida ishlab kelayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning kontingentini belgilab olishi hamda bo‘shaydigan sinf rahbarlik lavozimi uchun zaxira shakllantirib olishi kerak edi.


Agar vazirlik 308-son buyrug‘ining 5-ilovasida nazarda tutilgan normalarni bekor qilmasa yoki qonunchilikdagi boshqa hujjatlar bilan muvofiqlashtirmasa, kelgusida ham bu muammo avj olishi tabiiy hol. Mazkur holat bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy munosabatini kutib qolamiz.

Izohlar 5

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Sinf rahbari

Ulashish