Top.Mail.Ru
Xususiy fan olimpiadalarini o‘tkazishga cheklov qo‘yiladimi?

Xususiy fan olimpiadalarini o‘tkazishga cheklov qo‘yiladimi?

11:52 / 26.03.2026 133

Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish va o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.


Mazkur qaror bilan fan olimpiadalari, musobaqa va tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g‘oliblarni rag‘batlantirish tartibi belgilanmoqda.


Ishlab chiqilgan yangi nizomda olimpiada turlari, ularni o‘tkazish tartibi ko‘rsatilgan bo‘lib, mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan asosiy olimpiadalardan tashqari, o‘z tashabbusi bilan o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadalarga ham alohida urg‘u qaratilgan.


Unga ko‘ra, o‘quvchilar o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadalari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi bilan kelishiladi.


Qo‘shimcha respublika olimpiadasini o‘tkazish uchun tashabbuskor tashkilot tomonidan  Markazga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan olimpiadaning maqsadi, o‘tkazish joyi va vaqti, olimpiada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan fanlar ro‘yxati, ishtirokchilar uchun qo‘yilgan talablar (sinfi, yoshi va boshqalar), g‘olib va sovrindorlar uchun belgilangan mukofot jamg‘armasi hamda qo‘shimcha imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni ilova qilgan holda murojaat yuboradi.


Bunda, murojaatda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan fan olimpiadalari va tanlovlar tijoriy (pullik) yoki notijoriy ekanligi, o‘tkazish tartibi, shartlari va moliyalashtirish manbalari aniq bayon etilishi talab etiladi.


Markaz murojaatni kelib tushgan vaqtdan boshlab o‘n ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi hamda qo‘shimcha respublika olimpiadasini o‘tkazishga rozilik berish yoki rad qilish bo‘yicha asoslantirilgan javob beradi.


Bunda olimpiadani o‘tkazishning maqsadi amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplarga mos kelmasa hamda olimpiadani o‘tkazish joyi va vaqti ishtirokchilarning hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘dirsa, Markaz tomonidan olimpiadani o‘tkazishga rad javobi berilishi mumkin.

Umuman olganda, qo‘shimcha fan olimpiadalarini o‘tkazishni majburiy tarzda Markaz bilan kelishish talabi bir qarashda tartib o‘rnatishga qaratilgan harakatdek ko‘rinsa-da, amalda bu tizim qator jiddiy muammolarni ham yuzaga keltirishi mumkin.

Avvalo, ruxsat beruvchi Markaz o‘zi ham olimpiadalar tashkilotchisi bo‘lib qolayotgan bir sharoitda, sog‘lom raqobat haqida gapirish qiyin. Bunday tizimda Markaz nafaqat nazoratchi, balki bevosita bozor ishtirokchisiga aylanadi. Natijada esa u o‘ziga raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashabbuslarni turli asoslar bilan cheklash yoki rad etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur tartib tashabbuskorlar uchun qo‘shimcha byurokratik to‘siqlarni ham keltirib chiqaradi. Har bir olimpiadani alohida kelishish zarurati yangi loyihalarning paydo bo‘lishini sekinlashtiradi, xususiy sektor faolligini pasaytiradi va innovatsion yondashuvlarning cheklanishiga sabab bo‘ladi.

Xavotirlisi, bu tizim fan olimpiadalari sohasidagi monopoliyaga ham olib kelishi mumkin. Ya’ni, asosiy tashabbuslar faqat bitta Markaz atrofida jamlanib, boshqa subyektlar bozordan asta-sekin siqib chiqarilishi mumkin.

Hujjat loyihasida davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha olimpiadalarni tashkil etish, o‘tkazish, nufuzli, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar ishtirokchilarini saralash hamda olimpiada g‘oliblarini rag‘batlantirish tartibi ham belgilash nazarda tutilmoqda.


Endilikda, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi tomonidan olimpiadalar jadvali, xalqaro olimpiadalarga saralash jarayonlari, olimpiada natijalari, ishtirokchilarning shaxsiy sahifalari, olimpiada g‘oliblarining o‘qituvchilari, terma jamoalar rahbarlari va olimpiadalar hakamlari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida saqlovchi yagona elektron platforma faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.


Olimpiada ishtirokchilarining ishlarini tekshirishda inson omilini kamaytirish va olimpiada ishlarini markazlashgan holda baholash mexanizmlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etadi.


Yil davomida intellektual oromgohlar, mahalliy va xorijiy jamoalar vakillari uchun o‘quv yig‘inlari, fan olimpiadalari va tanlovlar, o‘qituvchilar uchun malaka oshirishga yo‘naltirilgan seminar-treninglar hamda boshqa notijoriy va tijoriy ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yadi.


Shuningdek, o‘quvchilarning fan olimpiadalariga munosib tayyorgarlik ko‘rishlari uchun “STEM” nomli ilmiy-tahliliy jurnal faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, jurnalda esa fan olimpiadalariga oid maqolalar, yangiliklar, ilmiy izlanishlar, olimpiada topshiriqlari va ularning yechimlari, o‘quvchilarning ishlari e’lon qilib boriladi.


Ayni vaqtda iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish va o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasi muhokamasi davom etmoqda.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • olimpiada

Ulashish