Top.Mail.Ru
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari uchun faqat bir soat vaqt beriladi

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari uchun faqat bir soat vaqt beriladi

12:00 / 21.05.2026 205

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025–2026-o‘quv yili yakuni munosabati bilan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ko‘rsatmada “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar hamda namunaviy ssenariylar ham taqdim etilgan.


Vazirlik ko‘rsatmasiga muvofiq, tadbirlar joriy yilning 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 ga qadar o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirlarni xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda maktab hovlisidagi soya-salqin va ochiq maydonlarda tashkil etish belgilangan.


Tadbir davomida so‘nggi yillarda o‘quvchilarga yaratilayotgan sharoitlar va ular erishayotgan yutuqlar bitiruvchilarga sodda va tushunarli tarzda yetkaziladi. Shuningdek, iqtidorli o‘quvchilar rag‘batlantirilib, ularning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha “Minnatdorchilik xati” topshiriladi.


Bunda o‘quvchilar tomonidan avtotransport vositalarini boshqarish holatlarining oldini olish choralari ko‘riladi. Shuningdek, Ta’lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov tomonidan restoran va kafelarda hamda xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari” o‘tkazish uchun ota-onalardan pul yig‘ish, bitiruv tadbirlarida qimmatbaho sovg‘alar uchun mablag‘ to‘plash, qimmatbaho kiyimlar xarid qilish va tadbirlarni restoranlarda tashkil etish taqiqlangani yana bir bor eslatib o‘tildi.


Shu bilan birga, joriy yilning 25–30-may kunlari barcha hududlarda “Xayr bog‘cha — salom maktab!” shiori ostida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun tantanali bayram tadbirlari ham o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Soʻnggi qoʻngʻiroq

Ulashish