Top.Mail.Ru
O‘zbekiston hindistonlik talabalarni qabul qilishga taqiq qo‘ydimi?

O‘zbekiston hindistonlik talabalarni qabul qilishga taqiq qo‘ydimi?

23:41 / 10.09.2026 48

O‘zbekiston oliygohlariga hindistonliklar tomonidan tobora qiziqish ortib boryapti. Bugungi kunda O‘zbekiston oliygohlarida 50 dan ortiq davlatlardan kelgan 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 13 060 nafari (53 foizi)ni Hindiston fuqarolari tashkil qiladi. 


Ya’ni O‘zbekistonda tahsil olayotgan har ikki xorijiy talabaning bittasi hindistonlik. Masalan, ikki yil ichida ularning soni qariyb ikki baravarga oshgan. (2024/2025-o‘quv yili boshida ularning soni 6 502 nafarni tashkil qilgan.) 


Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy talabalar orasida eng ommabop yo‘nalish tibbiyot bo‘lib, ushbu yo‘nalishda 16 476 nafar xorijiy talaba yoki xorijiy talabalar kontingentining qariyb 67 foizini qamrab olgan.


Eng ko‘p xorijiy talabalar Toshkent davlat tibbiyot universitetida – 4 155 nafar, Samarqand davlat tibbiyot universitetida – 4 153 nafar, TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida – 2 886 nafar, Buxoro davlat tibbiyot institutida – 2 178 nafar hamda O‘zbekiston Milliy universitetida – 1 917 nafar.


Son bo‘yicha TOP-10 talikka, shuningdek, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Urganch davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ham kiradi.


Bu raqamlar oddiy demografik ko‘rsatkichlar emas. Minglab xorijiy talabalar O‘zbekistonda bir necha yil davomida, yashaydi, kontrakt to‘laydi, ovqatlanadi, transport va boshqa xizmatlardan foydalanadi. Demak, ularning mamlakatga kelishi iqtisodiy jihatdan ham muhim.


Hozirda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida xorijiy talabalar uchun kontrakt miqdori, ta’lim yo‘nalishi va oliygohga qarab, odatda 3000–5000 AQSh dollari atrofida belgilanmoqda. Ayrim universitetlarda esa bu summa bundan ham yuqori. 


Masalan, Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro talabalar uchun yillik kontrakt 3000-5000 AQSh dollar etib belgilangan bo‘lsa, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida esa xorijiy talabalar uchun bakalavriat kontrakti o‘rtacha 3500 dollarni tashkil etadi.


Shundan kelib chiqib, ochiq manbalarda e’lon qilingan boshqa oliygohlar kontrakt miqdorlari asosida hisoblaganda, O‘zbekistonda tahsil olayotgan 13 mingdan ortiq hindistonlik talabaning bir yillik kontrakt to‘lovlari o‘rtacha 52,2 million AQSh dollari atrofida bo‘lishi mumkin. 


Bu taxminiy hisob-kitob bo‘lib, barcha talabalar aynan bir xil miqdorda kontrakt to‘laydi, degani emas. Biroq, hindistonlik talabalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri faqat universitetga to‘lanadigan kontrakt bilan cheklanmaydi. Ya’ni, bunga turar joy, ovqatlanish, transport va boshqa kundalik xarajatlarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, Hindistonlik talabalar O‘zbekiston uchun yaxshigina iqtisodiy foyda keltirayotganini sezish qiyin emas.


Oliygohlarga qabuldagi sun’iy to‘siqlar


Xalqtaliminfo.uz manbasining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda hindistonlik talabalarning O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinishiga cheklovlar qo‘yilgan. Mazkur cheklov nima sababdan, qanday maqsadda qo‘yilgani hozircha noma’lum.


Lekin xalqtaliminfo.uz bilan subhatlashgan ayrim murojaatchilarning aytishicha, bu cheklovlar hindistonlik talabalar bilan bog‘liq ayrim holatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Ma’lumki, O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda hindistonlik talabalar bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta holatlar kuzatildi. Ehtimol, mana shu voqealar fonida hindistonlik talabalar qabuli bo‘yicha cheklov qo‘yilgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Xo‘sh, hindistonlik talabalar bilan bog‘liq nimalar sodir bo‘lgandi?


Toshkent tibbiyot akademiyasi haqida hindistonlik talaba e’tirozlari  


2025-yil aprelida Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qiyotgan hindistonlik talabaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaati keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 


U tibbiyot akademiyasidagi ta’lim sifati, o‘qituvchilarning ingliz tilini yetarli darajada bilmasligi, darslarning tashkil etilishi, imtihonlar va hindistonlik talabalar yotoqxonasidagi sharoitlarga e’tiroz bildirgan.


Murojaat ortidan Oliy ta’lim vaziri Toshkent tibbiyot akademiyasiga borib, hindistonlik talabalar bilan uchrashgan va xalqaro talabalar uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergandi. 

Buxoroda hindistonlik talabaning o‘z kursdoshi tomonidan o‘ldirilishi


2026-yil iyul oyida Buxoroda ikki hindistonlik tibbiyot talabasi o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Xabarlarga ko‘ra, 23 yoshli talaba kursdoshi bo‘lgan 22 yoshli qizning boshiga noutbuk bilan zarba bergan. Qiz shifoxonaga yotqizilgan, keyinchalik ichki qon ketishi oqibatida vafot etgan. 


Hindiston talabalarga O‘zbekistondagi tibbiy oliygohda o‘qimaslikni tavsiya qilishi


2025-yilning iyul oyida Hindistonda talabalarga Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filialida ta’lim olmaslikni qat’iy tavsiya qilgandi. O‘shanda bu muassasa Hindistonning tibbiy ta’lim standartlariga javob bermasligi ma’lum qilingandi. 


Shu voqealar ortidan O‘zbekistonda hindistonlik talabalarni qabul qilish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqa boshlagan. Ayni paytda bazi oliygohlarda hindistonlik talabalarni qabul qilishga cheklovlar qo‘yilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Biroq bu taqiqlar aynan nima sababdan yoki qaysi vazirlik, idora tomonidan qo‘yilgani haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q.


Agar hindistonlik talabalarni O‘zbekiston oliygohlariga qabul qilishga qo‘yilayotgan cheklovlar o‘z tasdig‘ini topsa, bu qaror O‘zbekiston uchun yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi aniq. Bunday cheklovlar O‘zbekiston uchun ham iqtisodiy, ham xalqaro imij tomonlama salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


O‘ylaymizki, mazkur masalaga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy izoh beradi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Hindiston
  • Oliy ta'lim

Ulashish