Top.Mail.Ru
Haj safari sababli attestatsiyada qatnasha olmagan o‘qituvchilar uchun imkoniyat beriladimi?

Haj safari sababli attestatsiyada qatnasha olmagan o‘qituvchilar uchun imkoniyat beriladimi?

14:30 / 30.10.2026 1.17k

Savol

Kuzgi attestatsiyada qatnashishim kerak edi. Lekin fanim bo‘yicha test bo‘ladigan kuni men haj-umra safarida bo‘lar ekanman. Endi nima qilsam bo‘ladi? Haj safaridan qaytganimdan keyin qatnashsam bo‘ladimi yoki buni imkoni yo‘qmi?


Javob

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 45-bandiga ko‘ra pedagog kadrlar attestatsiyaga uzrli sababga ko‘ra kelmagan bo‘lsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chirilishi belgilangan.


Nizom talablariga ko‘ra, quyidagi holatlar uzrli sabablar hisoblanadi:


  • xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi;


  • davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi;


  • respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi;


  • vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lganligi;


  • yaqin qarindoshining vafoti;


  • vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslar.


Bunda pedagog kadrlar uzrli sabablarga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyaga kelmaganligi tufayli ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chirilgan taqdirda, yig‘im takroran undirilmaydi.


Ma’lumki, joriy yilning 26-oktabr sanasidan boshlab, 28-noyabr sanasiga qadar pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tadi. Biroq, nizomda uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyada qatnashmagan pedagoglar uchun tashkil etiladigan test sinovlari asosiy test sinovlari bo‘lib o‘tganidan keyin aynan qancha muddatda o‘tkazilishi bo‘yicha aniq norma belgilanmagan. 


Bunda uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunlar Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan e’lon qilinadi.


Odatda, uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari asosiy attestatsiya jarayonlari tugaganidan so‘ng tashkil qilinadi. Ya’ni, kuzgi attestatsiyada uzrli sabablarga ko‘ra qatnasholmaganlar uchun dekabr oyida test sinovlari tashkil etilishi mumkin.


Shu sababli, o‘qituvchi test kuni haj safarida bo‘lsa, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lganligi tufayli u boshqa muddatga ko‘chirilgan kunlarda attestatsiyada ishtirok etishi mumkin.


Bunda pedagog xodim xorijiy davlatga safarga ketayotgani haqida ish beruvchini oldindan xabardor qilishi lozim. Ish beruvchi esa uni uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiya test sinovlarida qatnasha olmaydigan pedagoglar ro‘yxatiga kiritadi.


Eslatib o‘tamiz, pedagog kadr hech qanday sabablarsiz attestatsiyada ishtirok etmagan bo‘lsa, u attestatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi hamda uning tegishli malaka toifasi (lavozimi) bir pog‘ona tushiriladi (Navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashuvchilar bundan mustasno).

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya

Ulashish