Top.Mail.Ru
Maktab direktori lavozimiga ochiq tanlov o‘tkazish tartibi qanday?

Maktab direktori lavozimiga ochiq tanlov o‘tkazish tartibi qanday?

18:44 / 31.01.2024 4.01k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i bilan 2023-yildan boshlab maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash vazirlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdor bo‘lgan “Direktorlar kengashi" tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi belgilandi.


Tanlov umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bo‘sh (vakant) bo‘lgan direktor lavozimlariga belgilangan malaka talablariga muvofiq eng munosib nomzodni dastlabki saralashdan o‘tkazish va Direktorlar kengashi tavsiyasi asosida ishga qabul qilish maqsadida o‘tkaziladi. 


Maktab direktori lavozimiga ochiq tanlovni tashkil etish tartibi 

Maktab direktori lavozimiga nomzodlarni dastlabki saralashdan o‘tkazish maqsadida hududiy boshqarmalarda direktor lavozimiga nomzodlarni dastlabki saralashdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuziladi.


Komissiya tarkibi hududiy boshqarmalar boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga hududiy boshqarmasi boshlig‘i, o‘rinbosarlari, boshqarmaning Yuridik xizmat ko‘rsatish, Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, Ta’lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish sho‘balari, Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimlari hamda tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari kiritiladi. 


Tanlovni tashkil etish hududiy boshqarmalarning Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi (keyingi o‘rinlarda mas’ul deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Vakant direktor lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy apparat kompleksidan foydalangan holda “O‘qituvchilarning milliy kadrlar zaxirasi” elektron portali (ntr.avloniy.uz)ga joylashtiriladi. Mazkur e’lon hududiy bo‘linmalarning rasmiy veb-saytida yoki ijtimoiy tarmoqlardagi e’lon sahifalariga, davriy nashrlarda ham joylashtirilishi mumkin.


Dastlabki saralashni tashkil etish tartibi

Birinchi bosqichda: Har bir hududiy boshqarma tomonidan Dastlabki saralash o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon 10 kun muddatga ntr.avloniy.uz elektron portali orqali beriladi. Bunda, vakant direktor lavozimi bo‘yicha quyidagilar ko‘rsatilishi majburiy hisoblanadi: malaka talablari, lavozim majburiyatlari, amaldagi lavozim maoshi, vakant direktor lavozimi mavjud umumta’lim muassasasi nomi va manzili.


Ikkinchi bosqichda: Komissiya tomonidan ntr.avloniy.uz elektron portali orqali ariza yuborgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi va ularning hujjatlari shaffof, adolatli tartibda e’lon muddati tugagan kundan boshlab 5 ish kunida o‘rganib chiqiladi. Mas’ul talabgorlar tomonidan yuborilgan arizalar asosida nomzodning avtomatlashtirilgan shakldagi ma’lumotnoma (CV)ni komissiyaga malaka talablariga mos kelishini o‘rganish uchun taqdim etadi.Nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish bo‘yicha tanlov natijasiga ta’sir qiladigan yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda ularni tanlovdan chetlatish yoki tanlov natijalarini bekor qilishga asos bo‘ladi.



Uchinchi bosqichda: Komissiya tomonidan saralangan nomzodlar hujjatlari Kengashga taqdim etiladi. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha hujjatlar kelib tushmagan taqdirda qayta e’lon beriladi.


Kengash tomonidan suhbat o‘tkazish va tavsiya berish tartibi

Kengash kotibi tanlovning suhbat bosqichi o‘tkazilishi bo‘yicha ma’lumotlarni nomzodlarning portaldagi shaxsiy kabinetlariga suhbat jarayonidan kamida 3 kun oldin xabar yuborilishini ta’minlaydi.


Suhbat jarayoni intervyu usulida har bir nomzodga soha bo‘yicha bilim saviyasi, shaxsiy va boshqaruv kompetensiyasi, umumiy dunyoqarashi ta’lim sohasidagi islohotlardan xabardorligi, umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish malakalarining mosligini aniqlashga qaratilgan savol (topshiriq), tasodifiy tanlash (random) orqali beriladi.


Bunda, har bir nomzod bilan suhbat davomiyligi 30 daqiqadan oshmasligi lozim. Kengash qarori yig‘ilishda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Kengash a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri yig‘ilish bayonnomasida qayd etiladi.


Nomzodlarning suhbat jarayoni to‘liq video tasvirga olinadi va bir yil muddatda saqlanadi. Kengash yig‘ilishida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi hamda kengash raisi, rais o‘rinbosari va kotib tomonidan tasdiqlanadi. Kengash tomonidan suhbat natijalariga asosan bir nafar nomzod direktor lavozimiga tayinlash bo‘yicha hududiy boshqarmaga tavsiya etiladi.


Hududiy boshqarmalar boshlig‘i 3 ish kunida Kengash qaroriga ko‘ra direktor lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni tayinlash to‘g‘risida buyruq chiqaradi. Kengash tomonidan suhbat natijalariga ko‘ra direktor lavozimiga nomzodlar munosib deb topilmaganda, qayta e’lon berish uchun hududiy boshqarmaga tavsiya beriladi. Nomzodlar suhbat qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda 5 ish kuni ichida suhbat natijalari yuzasidan yuqori turuvchi organga murojaat qilish huquqiga ega.

 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • menejerlik
  • Maktab direktori

Ulashish