Top.Mail.Ru
Menejerlik sertifikati sabab yaxshi direktorlarni ham boy berib qo‘ymayapmizmi?

Menejerlik sertifikati sabab yaxshi direktorlarni ham boy berib qo‘ymayapmizmi?

09:40 / 24.06.2024 7.55k
Menejerlik o‘quv kurslariga start berilganiga ham 5 oy bo‘ldi. Maktab direktorlariga menejerlik sertifikati talabi qo‘yilgani to‘g‘ri amaliyotdir, ammo biz masalaning ayrim jihatlarini ham e’tiborga olgan holda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga bir nechta takliflarni aytib o‘tishni lozim deb topdik.

Maktab direktori bo‘lish ham oson bo‘lmay qoldi. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qaroriga ko‘ra endilikda maktab direktorlari menejerlik sertifikatiga ega bo‘lishi talab etilmoqda.

Joriy yil 1-fevraldan boshlab esa umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlaydigan menejerlik o‘quv kurslariga start berilgan.

2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar xodimlariga 5 yil muddat davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar beriladi.

Bunda maktab direktorlariga 50 foiz, direktor o‘rinbosarlariga esa 30 foiz ustama tayinlanadi. Albatta, mazkur tizimning ijobiy tomonlari talaygina, ammo bu borada tanganing ikkinchi tomonini ham unutmasligimiz lozim.

Vazirlik salohiyatli direktorlaridan ham ayrilib qolishi mumkin

Belgilangan tartibga ko‘ra amaldagi direktorlar yoki direktorlikka nomzodlar Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida joriy qilingan 1 oylik menejerlik o‘quv kurslarida o‘qishi hamda menejerlik sertifikatini olishi kerak bo‘ladi.

144 soatni tashkil etadigan mazkur o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar sertifikat berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi. Bunda test sinovlari uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun 10 ball va amaliy topshiriqlar uchun 40 ball (jami 100 ball) berilmoqda.

Yakuniy sinovlarda 70 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga sertifikat beriladi. Belgilangan ballni to‘play olmagan nomzodlar bir yil ichida navbatdagi bitta yakuniy sinovlarda to‘lov undirilmagan holda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

Ikkinchi marta ham yakuniy sinovlarda belgilangan ballni to‘play olmagan nomzodlar qayta o‘quv kursida o‘qiganidan so‘ng yakuniy sinovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Amaldagi direktorlar esa yakuniy sinovlarda belgilangan ballni to‘play olmagan taqdirda o‘rnatilgan tartibda lavozimidan ozod etiladi. Ya’ni, direktorlarga faqat bir marta imkoniyat beriladi xolos. Hamma gap mana shunda.

Masalan, hozirda maktabni yaxshi boshqarib kelayotgan maktab direktori qandaydir omillar sabab yoki shunchaki omadi kelmay qolib, yakuniy sinovdan o‘tolmay qolsa, uning shuncha yillik karyerasi nolga teng bo‘ladi va u sharmandalarcha ishdan bo‘shatiladi.

Atigi bir oyni tashkil qiladigan o‘quv kursi, 25 ta test va keyslar, ayniqsa inson omili bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy topshiriqlar orqali eng salohiyatli direktorlarni elakdan o‘tkazib yuborish biroz adolat prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydigandek ko‘rinmoqda.

Masalan, bir maktab direktori bor, (u qaysi maktab direktorligi haqida bizda ma’lumotlar mavjud) u ota-ona va jamoatchilik hamda maktab kuzatuv kengashi bilan ham juda yaxshi ishlaydi, mahalliy hokimlik tomoshabin bo‘lib turgan vaqtlarda ham u davlat byudjetidan bir tiyin sarf qilmay maktab obodonchiligi uchun juda katta hissa qo‘sholgan.

U rahbarlik qilayotgan maktabdagi ta’lim sifati ham, o‘quvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi ham yaxshi. Lekin u Vazirlar Mahkamasining 175-sonli qarori, yoki 823-sonli qarorini bandma-band bilmasligi mumkin. Lekin qonunchilikni varaqlab, amaliyotda qo‘llay oladi…

Yana bir maktab direktori borki, har yili maktabning byudjetdan tashqari hisobiga juda katta miqdorda pul tushiradi. Lekin bu direktor ham g‘irt amaliyotchi, nazariyani yaxshi bilmaydi. Katta ehtimol bilan u ham test yecholmaydi.

Biz esa mana shunday ayrim salohiyatli direktorlarni menejerlik kursidagi birgina yakuniy sinov orqali bahridan kechib qo‘ymoqdamiz.

Xo‘sh, salohiyatli direktorlarni tizimda ushlab qolish uchun qanday yechim mavjud?

Bizningcha, 4 ta odam o‘tirib olib, katta tajribaga ega bo‘lgan direktorlarning butunboshli faoliyatini u tayyorlab kelgan 10 varaqli taqdimotga qarab baholash xolislik prinsiplariga umuman mos emas. Shu sababli, quyidagi takliflarni ilgari surmoqchimiz:

1-taklif: Menejerlik sertifikatining muqobil shakllarini joriy etish

Ya’ni, direktorlar faoliyatini baholash uchun maxsus reyting ko‘rsatgichini joriy etib, mazkur reyting ko‘rsatgichlariga qarab direktorlarga qo‘shimcha ball berish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.

Masalan, u rahbarlik qilayotgan maktabdagi ta’lim sifati ko‘rsatgichi uchun 10 ballgacha, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi uchun yana 10 ballgacha, ota-ona va jamoatchilik bilan ishlash natijadorligi, byudjetdan tashqari topayotgan mablag‘lari, ta’lim muassasasidagi pedagoglarning salohiyat darajasi, muassasadagi ijtimoiy-ma’naviy muhit ahvoli va yana shunga o‘xshash bir qancha ko‘rsatgichlar uchun ma’lum bir miqdorda ball berish orqali eng salohiyatli direktorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri menejerlik sertifikatini berish tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Mayli, direktorlar menejerlik o‘quv kursida majburiy tartibda o‘qib malakasini ham oshirsin, ammo yuqori ko‘rsatgichni qayd etgan direktorlarni yakuniy sinovlarga jalb etmay ularga menejerlik sertifikatini berish lozim.

Bunda menejerlik sertifikatining muqobil shakli uchun kamroq ball to‘plagan maktab direktorlari yakuniy imtihonlarga jalb qilinib, yetmay qolgan ballni testda to‘plash imkoni bo‘lsin.

Ana shundagina biz direktorlarni “quruq nazariya” bilan emas, haqiqiy amaliyotda erishgan yutuqlariga qarab to‘g‘ri baholay olgan bo‘lamiz.

2-taklif: Menejerlik sertifikatining ma’lum bir darajalari bo‘lishi lozim

Hozirgi kunda menejerlik sertifikatining faqat birgina turi mavjud. Ya’ni, 70 va undan yuqori ball yig‘sangiz sertifikat olasiz, kam ball yig‘sangiz ololmaysiz.

Bizningcha, amaldagi boshqa sertifikatlar kabi menejerlik sertifikatlarining ham ma’lum bir darajalari bo‘lishi lozim.

Ya’ni, menejerlik sertifikatlariga direktor hamda direktorlikka nomzodlar yiqqan baliga qarab, A+, A, B, B+ C, C+ kabi darajalari bo‘lishi lozim.

Bunda:

  • A+ darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga – lavozimini saqlab qolish hamda 50 foizlik ustama;

  • A darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda 30 foizlik ustama;

  • B+ darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda 10 foizlik ustama;

  • B darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga lavozimini saqlab qolish hamda mazkur darajadagi sertifikat uchun hech qanday ustama tayinlamaslik;

  • C+ darajadagi sertifikatni olgan direktorlarga bir yil ichida navbatdagi bitta yakuniy sinovlarda ishtirok etish huquqini berish;

  • C darajadagi sertifikatni olgan direktorlarni o‘rnatilgan tartibda lavozimidan ozod etish.

Balki, bizning yuqoridagi takliflarimiz noo‘rindir. Lekin bir narsa aniqki, kerak bo‘lsa o‘zimiz ham ta’lim tizimiga oid qonunchilik hujjatlar ko‘pligidan esankirayotgan bir vaqtda, yakuniy imtihonda maktab direktorlariga berilayotgan test savolliklarini vazirlikning mas’ul xodimlarining o‘zi ham vaqti kelsa yecholmay qolishi hech gap emas. Ya’ni, hozirgi tizim orqali direktorlarga xolis baho berolmaymiz.

O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bizning bu takliflarni albatta o‘ylab ko‘radi va Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritadi.

Yangi tartib joriy qilingunga qadar esa amaldagi direktorlar uchun menejerlik kurslarini vaqtincha to‘xtatib turish ham maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Izohlar 6

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • menejerlik

Ulashish