Top.Mail.Ru
“Ish staji hamda malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilish mumkin emas” – Vazirlik

“Ish staji hamda malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilish mumkin emas” – Vazirlik

21:43 / 15.08.2024 2.51k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilish masalasida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi ortidan hududiy boshqarmalarga ko‘rsatma xat yubordi.


Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qarorida “2023/2024-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab esa bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlari kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etilishi” hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan reglamentda “talabgor — kasbiy sertifikat olishga da’vogar bo‘lgan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotidagi stajyor-o‘qituvchi yoki mutaxassis lavozimidagi o‘qituvchi” – ekanligi belgilab qo‘yilgan.


Vazirlikning ko‘rsatma xatida aytilishicha, ayrim umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktorlari tomonidan yuqoridagi topshiriqlar ijrosi noto‘g‘ri talqin qilinib, pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan, turli sabablarga ko‘ra ish joyini o‘zgartirayotgan nomzodlarni ham stajyor-o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish hamda oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.


Shu sababli, vazirlik tomonidan pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan, turli sabablarga ko‘ra ish joyini o‘zgartirayotgan nomzodlarni stajyor-o‘qituvchi sifatida ishga qabul qilish noto‘g‘ri ekanligi, shuningdek oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kasbiy sertifikat

Ulashish