Top.Mail.Ru
“O‘qituvchilarning barcha takliflarni shaxsan o‘zim o‘qib boryapman” – Hilola Umarova

“O‘qituvchilarning barcha takliflarni shaxsan o‘zim o‘qib boryapman” – Hilola Umarova

15:46 / 30.10.2024 1.92k

Xabaringiz bor, yaqinda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan uchrashuvda endilikda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga Prezident sovg‘asi sifatida uy-joy berilishi aytilgandi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova esa bir hafta avval o‘zining rasmiy telegram sahifasida “Yil o‘qituvchisi” tanlovi qanday boʻlishi kerakligi, adolatli boʻlishi uchun qanday jihatlarga eʼtibor qaratish lozimligi hamda ishtirokchilar qaysi mezonlar asosida baholanishi kerakligini bilish maqsadida pedagog xodimlarga murojaat qilib, takliflarni @uzedu_vazirbot orqali yuborishlarini so‘ragandi.


Hilola Umarovaning ma’lum qilishicha, uning murojaatlar botiga qisqa muddatda mingdan ortiq takliflar kelib tushgan va hali ham kelishda davom etmoqda. Vazir esa har bir taklifni shaxsan o‘zi jamoasi bilan o‘qib borayotganini alohida ta’kidladi.

“Aytganimdek, biz uchun har bir fikr, taklif qadrli. Botga kelgan barcha taklifni shaxsan o‘zim va jamoamiz o‘qib boryapmiz”, - deyiladi vazir qoldirgan postda.

Shuningdek vazir “Yil o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazish bo‘yicha pedagoglar tomonidan yetib kelgan takliflarning ayrimlarini ochiqladi. 

Xo‘sh, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi bo‘yicha qanday takliflar kelib tushdi?

  • Tanlovni onlayn test shaklida oʻtkazish adolatli boʻladi, xuddi toifa test sinovidagidek. Natijalar ham oʻsha vaqtdayoq chiqsa nomzodlarda ortiqcha savollar qolmaydi. Nazorat ham toifa test sinovidagidek tashkillashtirilsa, menimcha, shaffof va adolati boʻladi.


  • Alohida platforma yaratilishi kerak. Test ham, oldingi natijalar ham platformaga joylanishi kerak. Tanlovni platforma oʻtkazishi kerak. Ochiq darslarni internet va telekanallar orqali onlayn translyatsiya qilish kerak.


  • 2016-yil “Yil oʻqituvchisi” tanlovida qatnashganman. Oʻshanda notanish maktabda dars berib, pedagogik mahoratimizni koʻrsatgan edik. Pandemiyadan keyin esa internetda ovoz toʻplash “moda”ga aylandi. Menimcha, biz musobaqani oʻtkazishning oʻsha “jonli” shaklini qaytarishimiz kerak.


  • Hujjatbozlik kam boʻlishini soʻramoqchiman, masalan testmi testga borib yechib kelish kerak, ish staji necha yil, toifasi nechchi, maktab direktoridan tavsifnoma kabi ortiqcha hujjatlar talab qilmanglar, iltimos.


  • Oʻqituvchilarni har tomonlama baholash uchun terma sinf tuzib ushbu sinfga dars oʻtishlarini aytish hamda eng soʻnggida qaysi oʻqituvchi sifatli bilim berganligini aniqlash uchun oʻquvchilarni suhbat va test qilish kerak.


  • Taʼlim sohasida haqiqatan ham fidoyi ustozlarni tanlab olishda jamoatchilik fikri inobatga olinishi lozim. Korrupsiyani oldini olish uchun mustaqil ekspertlar tarafidan har bir nomzodning yillar davomida xalq taʼlimini rivojlantirishga qoʻshgan hissalari oʻrganib chiqilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Bunda nomzodlar tarafidan maʼlumotlarni yashirish yoki boʻrttirib koʻrsatish holatlari aniqlansa, ularga va maktab maʼmuriyatiga qatʼiy chora koʻrish lozim.


  • Respublika bosqichini televideniye orqali savol-javob tarzida oʻtkazish kerak va har bosqichda boshqa-boshqa hakamlar hayʼati boʻlsin. 


  • Oʻqituvchining staji ahamiyatsiz qilib qoʻyish kerak. Chunki shunday yoshlarimiz bor shijoatga toʻla, pedagogik mahorati ham juda zoʻr, hattoki 20-yillik stajga ega pedagoglardan ham yaxshiroq natijalar koʻrsata oladi. Oʻqituvchining unvonlari ham asosiy jihat qilib koʻrsatilmasligi kerak.


  • Men tanlovda faqat oʻqituvchini oʻzini emas, oʻquvchilarini natijalarni ham oʻrganish, natijalar asosida maʼlum bir ball qoʻyishni taklif qilmoqchiman, chunki har bir daraxtni mevasiga qarab baho beriladi, oʻzi qanchalik koʻrkam boʻlmasin, yaxshi meva bermasa, u qadrli boʻlmaydi.


  • Tanlovda qatnashish istagida boʻlgan ustozlar maʼlum muddat oraligʻida biror platformada roʻyxatdan oʻtishlari, xuddi vazir ustamasidagi kabi (qiyinligi ham shu darajada) 30 ta test mutaxassislik fanidan, 10 ta test pedagogik mahoratdan boʻlib, keyingi bosqichga oʻtish balli belgilanishi kerak.


  • Birinchi bosqich test boʻlsin. Testda 80% dan kam ball olsa ikkinchi bosqichga qoʻyilmasin. Fan olimpiadasini savollarni kabi savollardan tuzilsin. Baholash jarayoniga layk bosish yoki ovoz toʻplash kabi oʻqituvchining oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlarni qoʻshmaslik kerak.


  • “Yil oʻqituvchisi” tanlovida oʻqituvchining erishgan yutuqlariga qaralsa, ixtisoslashgan maktab oʻqituvchilarida imkoniyati koʻproq boʻladi. Chunki ular saralangan oʻquvchilarga bilim berishmoqda. Shuning uchun oʻqituvchilarga oʻz fani va metodlar boʻyicha testlar, topshiriqlar berilsa adolatliroq boʻladi. Oʻz fani boʻyicha xalqaro olimpiadalar darajasidagi topshiriqlar berilsa nur ustiga aʼlo nur.


  • Tanlovga qatnashuvchi oʻqituvchilar qaysi fan oʻqituvchisi boʻlishidan qatʼiy nazar chet tilini bilish talabi qoʻyilsin, chunki zamonaviy ustoz oʻz tilidan tashqari chet tilini ham bilishi kerak. Eng asosiysi, bu tanlovda oʻqituvchining ishtirok etish, etmasligini maktab direktori yoki yuqorida turgan shaxslar belgilamasligi kerak.


  • Avval test, keyin taqdimot va suhbat eng oxirida esse yozish masalan oʻqituvchi taʼlim sifati va samaradorligi ga qanday hissa qoʻsha oladi, qanday yangiliklar qiladi. Esse esa dunyo tajribasida bor va aniq baholash mezoni.


  • Oʻqituvchiga beriladigan savollar tanlov kuni respublikadan yuborilsa hech kimni savolni oldindan olib tayyorlanishiga imkon qolmasdi va bu ham adolatni taʼminlar edi.


  • Barcha ishtirokchilar bir xil talablar va mezonlar asosida baholanishi kerak. Masalan, oʻqituvchining kasbiy yutuqlari, innovatsion metodlari va oʻquvchilar bilan ishlashdagi samaradorligiga diqqat qaratish mumkin. Mustaqil ekspertlar guruhi tanlov jarayonini kuzatib borishi va noxolisliklarni oldini olish uchun monitoring qilib borishi kerak. Oʻqituvchining jamoatchilikdagi nufuzi, oʻquvchilar va ota-onalar bilan munosabatlari va jamoatchilik hayotidagi faolligiga ham eʼtibor berish zarur.


  • Tanlov shartlari qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, hakamlar boshqa tumandan, boshqa viloyatdan boʻlishi shart. Yaʼni Gʻijduvon tumanida bosqichi boʻladigan boʻlsa, oʻqituvchi ochiq dars oʻtadimi yoki biror fanga oid taqdimot tayyorlaydimi, uni Gʻijduvon tumanidagilar emas, boshqa tumandagilar tekshirishsin. Yoki tanlov ishtirokchisining ism-familiyasi anonim boʻlib turadigan shartlar boʻlsin.


  • Tanlov jarayonida ota-onalar, mutaxassislar va oʻqituvchilar hamda taʼlim sohasi vakillari oʻz fikrlarini bildira oladigan tizim boʻlishi kerak!


  • Oʻqituvchi chet tili yoki matematika, informatika, oʻzbek tili fanlaridan dars bersa u yil davomida nechta oʻquvchini milliy yoki xalqaro sertifikatga ega qilsa aynan shu koʻrsatkichi hisobiga tanlov gʻolibi deb topilsa, bu ham maktabga ijobiy natija ham oʻquvchilar orasidan bilimli va sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar sonini ortishiga hissa qoʻshgan boʻlar edi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xilola Umarova
  • Taklif

Ulashish