Top.Mail.Ru
Nima uchun Hilola Umarova vazir lavozimiga qaytadan tayinlandi?

Nima uchun Hilola Umarova vazir lavozimiga qaytadan tayinlandi?

11:06 / 22.11.2024 3.02k

Kecha, 21-noyabr kuni Hilola Umarova O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga ma’qullangani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan lavozimga tayinlangani haqida xabar berilgandi.


Ammo ko‘pchilikda nima uchun vazir Hilola Umarova yana qaytadan lavozimiga tayinlandi, u shundoq ham vazir edi-ku, degan savol tug‘ilishi tabiiy hol. Shu sababli, buning tartibi haqida ozroq ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.


Xabaringiz bor, 2024-yilning 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida esa Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi belgilangan.


Shunga muvofiq, joriy yilning 19-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan amaldagi hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qilgandi. Lekin, amaldagi hukumat yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turgandi.


Amaldagi tartibga ko‘ra, yangi parlament shakllanganidan keyin bir oy ichida O‘zbekiston Prezidenti barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgandan so‘ng bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kiritadi.


Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etadi. Agar uning nomzodi uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi ovoz bersa, u ma’qullangan hisoblanadi.


Bosh vazir ma’qullaganidan so‘ng hukumatning yangi tarkibini shakllantirish boshlanadi. 


Vazirlar Mahkamasi a’zolari (bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar) nomzodlari parlament quyi palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi. Buning uchun ular deputatlarning yarmidan ko‘p ovozini olishi kerak.


2024-yil 20-noyabr kuni esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi ma’qullandi.


Shundan so‘ng, 2024-yil 21-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Hukumat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqdilar.


Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 94-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash Qonunchilik palatasining mutlaq vakolati hisoblanadi.


Majlisda Prezident taqdimiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga ko‘rsatilgan 24 nafar nomzod birma-bir ko‘rib chiqildi. Ularning ichida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham bor edi.


Majlisda Hilola Umarova maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirish borasidagi kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha o‘z Harakatlar dasturi haqida axborot bergan. Deputatlar esa Hilola Umarova nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga ma’qullagan.


Shundan song, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-noyabrdagi tegishli Farmoni bilan Hilola Umarova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi.


Odatda, O‘zbekiston tajribasida ko‘plab vazirlar o‘z lavozimlarini saqlab qoladilar, agar ularning faoliyati yuqori baholangan bo‘lsa va ular yangi hukumatning siyosiy strategiyasi va yo‘nalishlariga mos kelishsa.


Vazirning lavozimga ma’qullanishi uning kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha Harakatlar dasturiga ham bog‘liq. Chunki, deputatlar vazir nomzodiga ovoz berishlari uchun uning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi bilan ham tanishib chiqishlari kerak bo‘ladi.


Mazkur Harakatlar dasturi faqatgina Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan bo‘lishi mumkin, chunki dasturni ochiq manbalardan topishning imkoni bo‘lmadi.


Ma’lumot uchun: 2023-yilning 30-dekabrida (sobiq) Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Hilola Umarova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangandi.


Hilola Umarova 1988-yil 9-avgustda Germaniyaning Vaymer shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. U 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr bosqichini, 2013-yilda mazkur universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi tadqiqotchisi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xilola Umarova
  • Saylov

Ulashish