Top.Mail.Ru
Maktab darsliklari bu yil ham tekin bo‘ladi

Maktab darsliklari bu yil ham tekin bo‘ladi

21:19 / 06.12.2024 584

Malumki, 2022-2023 o‘quv yilida darsliklar ijara narxlarining oshirilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandan so‘ng Prezidentning tegishli topshirig‘i bilan 500 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ davlat byudjetidan to‘lab berilib, darsliklar ijarasi bekor qilingandi.


O‘quvchilarga darsliklarni bepul foydalanishga berish tizimi joriy qilingani sababli Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni bilan byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi faoliyati ham tugatildi. Uning barcha funksiyalari esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazildi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2025-yil uchun ishlab chiqilgan Budjetnomada esa maktab darsliklari ijara to‘lovini qayta joriy etish taklifi ilgari surildi.


Budjetnomada o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025–2026-o‘quv yilidan 2–11 sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovini undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgandi.


Bunda 2−11-sinf o‘quvchilari uchun to‘plam uchun to‘lov 80 ming so‘mni tashkil etib, bu davlat budjetiga tushadigan yukni taxminan 376 milliard so‘mga kamaytirish imkonini berishi kutilayotgandi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu taklifni darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarayotgani bilan izohlagandi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov esa maktab darsliklari uchun ijara to‘lovini joriy etish to‘g‘risidagi taklifni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagandi.


Joriy yilning 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda 2025-yil uchun Davlat budjeti Qonun loyihasi ma’qullandi. 


Bo‘lib o‘tgan majlis muhokamasida esa maktab darsliklari ijara to‘lovini qayta joriy etish taklifi qabul qilingani yoki qabul qilinmaganligi haqida aniq ma’lumot tilga olinmadi.


Shu sababli, xalqtaliminfo.uz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bog‘landi. Tahririyat so‘roviga javoban vazirlik mulozimi maktab darsliklari ijara to‘lovini qayta joriy etish taklifi qabul qilinmaganligini ma’lum qildi.

“Maktab darsliklarini pullik qilish taklifi o‘zi avvaldan Davlat budjeti Qonuni loyihasida yo‘q edi. Bu taklif faqatgina Budjetnomada tilga olingandi xolos”, deydi vazirlik mulozimi.

Ma’lumot uchun: Xalqtaliminfo.uz saytining Telegram kanalida maktab darsliklari uchun ijara to‘lovi qayta joriy etilishi mavzusida otkazilgan so‘rovnomada 9 710 nafar respondentlar ishtirok etgandi.

Natijalarga ko‘ra 
respondentlarning:


  • 40 foizi darsliklar pullik bo‘lishi kerakligini, bu ota-onalar mas’uliyatini oshirishini bildirgan;


  • 51 foizi darsliklar bepul bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan;


  • 9 foizi esa bu masalaning ahamiyatsizligini, chunki ular bu to‘lovlarni shundoq ham soliqlar orqali to‘layotganini bildirgan.


Ushbu so‘rovnoma darsliklar uchun ijara to‘lovining qayta joriy etilishi jamiyatda turli fikrlarni keltirib chiqarayotganini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • darsliklar

Ulashish