Ta’lim muassasalarida bolalarga intizomiy jazo sifatida zo‘ravonlik qilish qonunan taqiqlandi
2024-yil 14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unda zo‘ravonlik turlari aniq belgilab berildi. Qonun 2025-yil 15-maydan kuchga kiradi. Xalqtaliminfo.uz qonunning qisqacha sharhi bilan tanishtiradi.
Ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning har qanday shakllari taqiqlandi
Ta’lim muassasalarida intizomiy jazo choralari sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakllarini, shu jumladan jismoniy jazolarni va boshqa shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llash taqiqlandi.
Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan va bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikning, shu jumladan ta’qib etishning (bullingning) oldini olish, shuningdek zo‘ravonlikni qo‘llash faktlari yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha dasturlar va mexanizmlar joriy etiladi. Bunday chora-tadbirlar ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, ustavlariga va ish rejalariga kiritiladi.
Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar tayinlanadi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida ta’lim muassasasi rahbariyati bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishiga imkon beruvchi sabablarni va shart-sharoitlarni bartaraf etish, ta’lim muassasasida inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan, zo‘ravonlikdan xoli bo‘lgan munosabatlarni shakllantirish, xavfsiz va ijobiy psixologik muhitni tashkil etish hamda ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida ta’lim muassasasi xodimlari ta’lim oluvchilar, ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar), pedagogik jamoaning a’zolari bilan muloqot qilishda ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, pedagogik odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishi, barcha ta’lim oluvchilarga teng munosabatda bo‘linishini ta’minlashi, sinfdagi psixologik muhitni baholashi va yaxshilashi, ta’lim oluvchilar bilan suhbatlar o‘tkazishi hamda ota-onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga) maslahatlar berish uchun psixologlar va psixolog inspektorlar bilan yaqin hamkorlikni ta’minlashi shart.
Qanday harakat yoki harakatsizlik bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hisoblanadi?
Bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik turlari
Jismoniy zo‘ravonlik — bolalarga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatmaslik.
Jinsiy zo‘ravonlik — bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan:
- nomusga tegish;
- jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- jinsiy aloqa qilishga majburlash;
- 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
- aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yoxud bolaning ojizligidan foydalangan holda shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
- shahvoniy shilqimlik, shuningdek, qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan har qanday boshqa jinsiy harakatlar.
Ruhiy zo‘ravonlik — bolalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni tahqirlash, shuningdek, bolalarning asosiy ehtiyojlarini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalangan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligidan xavotir uyg‘otadigan, o‘zini himoya qila olmasligiga olib keladigan yoki ruhiy salomatligiga zarar yetkazadigan harakatlar (harakatsizlik).
G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik — zarur imkoniyatlarga, bilim va ko‘nikmalarga, shu jumladan, buning uchun tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, ta’lim, ijtimoiy va boshqa xizmatlardan) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ota-ona (ular o‘rnini bosuvchi yoki bolaga qarab turgan shaxslar) tomonidan bolaning sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy va axloqiy rivojlanishining buzilishiga olib kelishi.
Bolaning asosiy ehtiyojlari — bolaning to‘laqonli rivojlanishi, jismoniy va ruhiy salomatligi uchun oziq-ovqat, uy-joy va boshqa zarur sharoitlar bilan ta’minlash, xavfsizlik, ta’lim olish, ijtimoiy aloqalarni o‘rnatish, hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Bolalarni ekspluatatsiya qilish — boladan iqtisodiy, jinsiy va boshqa maqsadlarda foydalanish, shu jumladan, odam savdosi, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga va tilanchilik qilishga jalb etish, jinsiy ekspluatatsiya, shuningdek, nikohga yoki er-xotin bo‘lib yashashga majburlash, ma’lum bir diniy ta’lim olishga undash, har qanday shaklda mehnatga majburlash uchun jismoniy yoki ruhiy ta’sir o‘tkazish kiradi.
Ta’qib qilish (bulling) — bir guruh bolalar yoki bitta bola tomonidan boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanishi, u bilan har qanday muloqotni rad etishi, uning mulkini tortib olishi va zarar yetkazishi, jismoniy, ruhiy yoki aqliy xususiyatlarini omma oldida muhokama qilishi, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishi yoki sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazishi, shu jumladan, internet orqali amalga oshiriladigan uzoq muddatli ruhiy va jismoniy tajovuzkor ta’sir o‘tkazishidir.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar uchun tun-u kun ishlaydigan ishonch telefoni yo‘lga qo‘yiladi
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarining oldi olinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida tun-u kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlanadi.
Telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatadi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Himoya orderi
Himoya orderi zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni himoya qiladigan hujjat bo‘lib, ichki ishlar organlari tomonidan beriladi. Himoya orderi xavf darajasini baholashga asoslangan zo‘ravonlik fakti yoki uning sodir etilishi tahdidi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida o‘ttiz kun muddatgacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Bolani ota-onasidan olib qo‘yish
Bolaning hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda vakolatli davlat organi bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olib qo‘yishga doir choralar ko‘rishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olib qo‘yish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan profilaktika inspektori ishtirokida amalga oshiriladi.
Bola olib qo‘yilganda vakolatli davlat organi zudlik bilan prokurorga xabar berishi, bolaning vaqtincha joylashtirilishini ta’minlashi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan bolani olib qo‘yish haqida hujjat qabul qilinganidan keyin yetti kun ichida ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat etishi shart.
Bola ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yilganda, u quyidagi joylarga (joylashtirish ustuvorligi tartibida) joylashtirilishi mumkin:
- bolaning manfaatlariga muvofiq shart-sharoitlar yarata oladigan ota-onaning birinikiga;
- bolaning qarindoshlarinikiga;
- bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;
- vakolatli davlat organining hisobida turgan shaxslarnikiga;
- tibbiyot muassasasiga (bolaning sog‘lig‘ida muammolar bo‘lganda);
- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga.
Agar bolani oilaga joylashtirish imkoniyati bo‘lmasa, uni ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirish eng oxirgi choradir.
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
34 mingta bola nogironligi sabab ta’lim muassasasalariga bormayapti
Vazir Hilola Umarovaga kambag‘allik yuqori 1 mingta mahallada bog‘cha ochish vazifasi yuklatildi
2025-yil 1-martgacha to‘garaklar ochilib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlar o‘qitiladi
2025-yilda 81 mln nusxada darslik va mashq daftarlari chop etiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Endi o‘quvchiga qo‘l ko‘targan pedagoglar maktabda ishlolmasligi mumkin
Bu haqda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi
Har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmayapti
Tadqiqot natijalari e’lon qilindi
8-sinf qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi qo‘lga olindi
Ular orasida tuman prokuraturasining ish yurituvchisi ham bor
Suhbat
Pedagoglar tomonidan o‘quvchilar kaltaklanayotgani aks etgan videotasvirlar tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Izohingizni tahrirlang