Top.Mail.Ru
O‘qituvchilar attestatsiya sud ishida vazirlikka yutqazdi

The website texts are translated by Google, errors possible!

O‘qituvchilar attestatsiya sud ishida vazirlikka yutqazdi

00:30 / 09.09.2025 10.29k

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan 2025-yil 12-avgustda boshlangan sud ishi 8-sentyabr kuni nihoyasiga yetdi. 


Sud attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi foydasiga qaror chiqardi.


Sudya Shukurlayeva Guli Yusupovna raisligida ko‘rib chiqilgan so‘nggi sud majlisida da’vogar Abror Kamolov, advokat Xatamjonov Nazirjon, vazirlikdan vakil sifatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi xodimi, vazirlik yuristi hamda bevosita attestatsiya jarayonlarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan xodimlar qatnashdi. Shuningdek, xalqtaliminfo.uz nashridan vakil sifatida Ulug‘bek Po‘latov tinglovchi sifatida ishtirok etdi.


Dastlab, advokat Xatamjonov Nazirjon tomonidan mazkur sud ishida da’vogar tomonning shikoyatlarini asoslash maqsadida xolis, ikki tomonga ham aloqador bo‘lmagan ekspertlar tayinlash bo‘yicha sudga yana bir marta iltimosnoma kiritildi.


Vazirlik ushbu iltimosnomani rad qilishni so‘radi, sudya avvalgi sud majlisida da’vogar tomonning mustaqil ekspertlari xulosalarini qabul qilganligini asos qilib, boshqa mustaqil ekspertlar tayinlash to‘g‘risidagi  iltimosnomani rad qildi.


Shundan so‘ng, da’vogarning ishonchli vakili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya test savollarini tuzishda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 43-bandiga rioya qilmaganligi, ya’ni attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallari testologiyaning xalqaro talablari asosida shakllantirilmaganligi sababli, validlik talablariga javob bermasligini ta’kidladi.


Shuningdek, testologiya standartlari, nazariyasi va amaliyotiga ko‘ra, sinov materiallari validlik talablariga javob berishi uchun test topshiriqlari ekspertizadan o‘tkazilgandan keyin aprobatsiya test sinovlari o‘tkazilishi, aprobatsiya natijalari asosida klassik yoki zamonaviy test nazariyasi (Rash modeli) asosida statistik tahlil qilinib, qayta ishlanishi va qayta aprobatsiyadan o‘tkazilishi, validlik (shu jumladan, ishonchlilik) talablariga javob berishiga ishonch hosil qilingandan keyin amaliyotga joriy qilinishi lozimligi alohida ta’kidlandi.


Undan tashqari avvalgi sud majlisida vazirlik tomonidan test savollarining yaroqli ekanligini asoslovchi dalillar sifatida taqdim etilgan Respublika ta’lim markazi qoshidagi Filologiya fanlari (Ona tili, Adabiyot, O‘zbek tili) yo‘nalishi bo‘yicha Ilmiy-metodik kengashning ZOOM platformasida o‘tkazilgan 1-sonli navbatdagi yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirmada ham ma’lum bir xatoliklar borligi ta’kidlanib, shu bois mazkur xulosalar test sinovi materiallarining validlik talablariga javob berishi uchun yetarli asos bo‘lolmasligi aytib o‘tildi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliging e’tirozlari


Vazirlik yuristi test-sinov materiallari testologiyaning xalqaro talablari asosida ishlab chiqilganligi, shuningdek, pedagog kadrlarga malaka toifasi berish tizimi xalqaro miqyosda tan olingan tashkilot (xalqaro tashkilot nomi ochiqlanmadi) tomonidan tekshirilib, tizim xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilganligini eslatib o‘tdi.


Shuningdek, test topshiriqlari aprobatsiyadan o‘tkazilganligi ham alohida ta’kidlanib, vazirlik yuristi buni pedagog kadrlar uchun diagnostik test sinovlari o‘tkazilib, ular tahlil qilinib, test materiallari shu orqali aprobatsiyadan o‘tkazilganligi bilan izohladi hamda Ilmiy-metodik kengash yig‘ilishi bayonnomasida ham hech qanday xato va kamchiliklar yo‘qligi ta’kidlandi.


Sud qarori


Muhokamalardan so‘ng, sud maslahatlashish uchun kichik tanaffus e’lon qildi. Tanaffusdan so‘ng, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan kiritgan da’vo arizasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.


Shuningdek, sudning qaroridan norozi tomon keyingi instansiya sudiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritish mumkinligini eslatib o‘tdi.


Nega attestatsiya testlari muhokamalarga sabab bo‘lgandi?

Joriy yilning 15-aprel sanasidan boshlab, 14-mayga qadar pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.


Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etdi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi.


Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58.9%) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmadi.


Attestatsiya test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan o‘qituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqaldi. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Radjabov esa test topshiruvchilar o‘zining balidan qoniqmagan bo‘lsa yoki berilgan savol spetsifikatsiyadan tashqari deb hisoblanayotgan bo‘lsa, shuningdek u yerda xatolik bor deb hisoblasa, appelyatsiya berishi lozimligini eslatdi.


Ammo attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborildi. Bu esa pedagoglarning turli xil etirozlariga sabab boldi.



Ko‘plab pedagoglar bu holatni haqiqatdan ham test savollarining o‘ta murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohladi. Shundan so‘ng, 
bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritgandi.

xalqtaliminfo.uz tahririyati jarayonni xolis yoritib borishga harakat qildi

Dastlab, tahririyat tomonidan ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida test sinovlari bo‘lib o‘tayotgan manzilda vazirlik mas’uli Sardor Rahimboyev bilan intervyu tashkil etildi.


Shundan so‘ng, xalqtaliminfo.uz tahririyatining “Tanaffus” podkastida ta’lim ekspertlari tomonidan attestatsiya jarayonini tashkil etishdan tortib, o‘qituvchilarning asosiy noroziligiga sabab bo‘layotgan testlar validligi haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.


Keyinchalik, 
“Tanaffus” podkastining 23-sonida attestatsiya testlarini doimiy tahlil qilib boradigan, oliy toifali oqituvchilar bilan suhbat uyushtirildi.


Umuman olganda, o‘qituvchilarning sudga murojaat qilgani – jamiyatimizda fuqarolarning huquqiy ongi oshib borayotganligining yorqin dalilidir. Bu faqat norozilik ifodasi emas, balki pedagoglarimiz orasida nizolarni demokratik tamoyillar asosida, qonuniy yo‘l bilan hal qilish madaniyatining shakllanayotganini ko‘rsatadi.

Shu sababli, attestatsiya jarayoni bilan bog
‘liq masalalar sudda muhokama etilishining o‘zi ham tom manoda pedagoglarning ham yutug‘i bo‘ldi, deb aytishimiz mumkin.

Comments 6

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Attestation
  • Court case

Share

line

News on the topic

News

Court Verdict Issued Against Individuals Who Organized an Illegal Scheme to Help Teachers Pass Attestation

Earlier, we reported that a number of illegal activities carried out with the aim of helping teaching staff pass attestation and professional certification had been exposed. Criminal proceedings were initiated against the individuals involved under Article 210, Part 2, Clause “g” of the Criminal Code, and investigative proceedings were launched.

16:33 / 14.09.2026
News

Nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarini topshirishda belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt olish imkoniyati beriladi.

10:46 / 08.08.2026
News

Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda pedagoglarning oliy ma’lumot darajasi va o‘qishdagi natijalariga qarab ularga malaka toifalari beriladi.

15:40 / 30.07.2026
Вы спрашивали

Muntazam attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchini qanday qilib ishdan bo‘shatish mumkin?

Murojaat mualliflarining aytishicha, bunday xodimlar turli sabablar, jumladan, tanish-bilish yoki yaqinlarining mansabidan foydalangan holda hanuz ishda qolmoqda. Navbatdagi murojaatda ham o‘quvchilarning bilim darajasi keskin pasayib ketgan, attestatsiyadan yillar davomida o‘ta olmayotgan o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini qonuniy asosda bekor qilish mumkinmi, degan savol o‘rtaga tashlangan.

10:46 / 30.07.2026