O‘qituvchilar attestatsiya sud ishida vazirlikka yutqazdi
Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish bo‘yicha 2025-yil 12-avgustda boshlangan sud jarayoni 8-sentyabr kuni nihoyasiga yetdi. Mazkur sud ishi 4 ta sud majlisida muhokama qilindi.
Sud attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi foydasiga qaror chiqardi.
Sudya Shukurlayeva Guli Yusupovna raisligida ko‘rib chiqilgan so‘nggi sud majlisida da’vogar Abror Kamolov, advokat Xatamjonov Nazirjon, vazirlikdan vakil sifatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi xodimi, vazirlik yuristi hamda bevosita attestatsiya jarayonlarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan xodimlar qatnashdi. Shuningdek, xalqtaliminfo.uz nashridan vakil sifatida Ulug‘bek Po‘latov tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Dastlab, advokat Xatamjonov Nazirjon tomonidan mazkur sud ishida da’vogar tomonning shikoyatlarini asoslash maqsadida xolis, ikki tomonga ham aloqador bo‘lmagan ekspertlar tayinlash bo‘yicha sudga yana bir marta iltimosnoma kiritildi.
Vazirlik ushbu iltimosnomani rad qilishni so‘radi, sudya avvalgi sud majlisida da’vogar tomonning mustaqil ekspertlari xulosalarini qabul qilganligini asos qilib, boshqa mustaqil ekspertlar tayinlash to‘g‘risidagi iltimosnomani rad qildi.
Shundan so‘ng, da’vogarning ishonchli vakili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya test savollarini tuzishda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 43-bandiga rioya qilmaganligi, ya’ni attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallari testologiyaning xalqaro talablari asosida shakllantirilmaganligi sababli, validlik talablariga javob bermasligini ta’kidladi.
Shuningdek, testologiya standartlari, nazariyasi va amaliyotiga ko‘ra, sinov materiallari validlik talablariga javob berishi uchun test topshiriqlari ekspertizadan o‘tkazilgandan keyin aprobatsiya test sinovlari o‘tkazilishi, aprobatsiya natijalari asosida klassik yoki zamonaviy test nazariyasi (Rash modeli) asosida statistik tahlil qilinib, qayta ishlanishi va qayta aprobatsiyadan o‘tkazilishi, validlik (shu jumladan, ishonchlilik) talablariga javob berishiga ishonch hosil qilingandan keyin amaliyotga joriy qilinishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Undan tashqari avvalgi sud majlisida vazirlik tomonidan test savollarining yaroqli ekanligini asoslovchi dalillar sifatida taqdim etilgan Respublika ta’lim markazi qoshidagi Filologiya fanlari (Ona tili, Adabiyot, O‘zbek tili) yo‘nalishi bo‘yicha Ilmiy-metodik kengashning ZOOM platformasida o‘tkazilgan 1-sonli navbatdagi yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirmada ham ma’lum bir xatoliklar borligi ta’kidlanib, shu bois mazkur xulosalar test sinovi materiallarining validlik talablariga javob berishi uchun yetarli asos bo‘lolmasligi aytib o‘tildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliging e’tirozlari
Vazirlik yuristi test-sinov materiallari testologiyaning xalqaro talablari asosida ishlab chiqilganligi, shuningdek, pedagog kadrlarga malaka toifasi berish tizimi xalqaro miqyosda tan olingan tashkilot (xalqaro tashkilot nomi ochiqlanmadi) tomonidan tekshirilib, tizim xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilganligini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, test topshiriqlari aprobatsiyadan o‘tkazilganligi ham alohida ta’kidlanib, vazirlik yuristi buni pedagog kadrlar uchun diagnostik test sinovlari o‘tkazilib, ular tahlil qilinib, test materiallari shu orqali aprobatsiyadan o‘tkazilganligi bilan izohladi hamda Ilmiy-metodik kengash yig‘ilishi bayonnomasida ham hech qanday xato va kamchiliklar yo‘qligi ta’kidlandi.
Sud qarori
Muhokamalardan so‘ng, sud maslahatlashish uchun kichik tanaffus e’lon qildi. Tanaffusdan so‘ng, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan kiritgan da’vo arizasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shuningdek, sudning qaroridan norozi tomon keyingi instansiya sudiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritish mumkinligini eslatib o‘tildi.
Joriy yilning 15-aprel sanasidan boshlab, 14-mayga qadar pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etdi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi.
Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58.9%) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Radjabov esa test topshiruvchilar o‘zining balidan qoniqmagan bo‘lsa yoki berilgan savol spetsifikatsiyadan tashqari deb hisoblanayotgan bo‘lsa, shuningdek u yerda xatolik bor deb hisoblasa, appelyatsiya berishi lozimligini eslatdi.
Ammo attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborildi. Bu esa pedagoglarning turli xil e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Ko‘plab pedagoglar bu holatni haqiqatdan ham test savollarining o‘ta murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohladi. Shundan so‘ng, bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritgandi.
Shundan so‘ng, tahririyatning “Tanaffus” podkastida ta’lim ekspertlari tomonidan attestatsiya jarayonini tashkil etishdan tortib, o‘qituvchilarning asosiy noroziligiga sabab bo‘lgan testlar validligi haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Umuman olganda, o‘qituvchilarning sudga murojaat qilgani – jamiyatimizda fuqarolarning huquqiy ongi oshib borayotganligining yorqin dalilidir. Bu faqat norozilik ifodasi emas, balki pedagoglarimiz orasida nizolarni demokratik tamoyillar asosida, qonuniy yo‘l bilan hal qilish madaniyatining shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Izohlar 6
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ertadan pedagoglar uchun kuzgi attestatsiya sinovlari boshlanadi
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Ertadan pedagoglar uchun kuzgi attestatsiya sinovlari boshlanadi
Sinovlar hududlar kesimida tasdiqlangan jadval va manzillar asosida tashkil etiladi. Malaka sinovlari jami 45 ta fan va yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilishi uchun test materiallari tayyorlangan.
So'ragan edingiz
O‘qituvchi attestatsiya testini boshqa hududda topshirishi mumkinmi?
MMTVning 334-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga ko‘ra, ayrim asosli holatlarda pedagogga doimiy yoki vaqtincha yashash hududidan boshqa hududda test topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
Attestatsiya
Kuzgi attestatsiya o‘tkaziladigan sana va manzillar aniq bo‘ldi
Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun 2026-yil avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka toifasi sinovlarining sanalari hamda test sinovlari o‘tkaziladigan manzillar belgilandi.
Bilasizmi?
Kuzgi pedagog kadrlar attestatsiyasi qay tartibda o‘tkaziladi?
Pedagoglar uchun attestatsiya jarayoni qanday tashkil etiladi? Test sinovida nechta va qanday topshiriqlar beriladi, har bir bosqichda pedagoglar qanday baholanadi, testga nimalarni olib kirish mumkin emas, test natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog qanday tartibda apellyatsiya berishi mumkin? Quyida pedagoglar uchun eng muhim jihatlarni tushuntiramiz.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang