Pedagoglarga vazir ustamasi berishning yangi tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-son qarori bilan “Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi” nizom yangi tahrirda tasdiqlandi.
Yangi tahrirga ko‘ra, har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni saralash quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilandi:
Vazirlik har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagoglarning Respublika bo‘yicha cheklangan yillik kvotasini har yili 20-yanvarga qadar belgilaydi.
Ishchi guruh har yili 1-fevralga qadar kvotani ta’lim tashkilotlari soni, fan yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritib kelayotgan pedagoglar hamda tarbiyachilar sonidan kelib chiqib, “Maktabgacha ta’lim”, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Filologiya fanlari”, “Ijtimoiy fanlar”, “Aniq fanlar”, “Tabiiy va iqtisodiy fanlar”, “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha hududlar kesimida taqsimlaydi.
Ishchi guruh tomonidan kvotaga mos ravishda tegishli yil uchun Jamg‘arma hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni saralab olish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqichda – kvota belgilangan yildan avvalgi yilning yanvar-iyun va sentyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tgan ta’lim tashkilotlari pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazishning birinchi bosqichi – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash natijalari har yili 1-martga qadar tahlil qilinadi va nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi hamda ikkinchi bosqichga o‘tkaziladigan nomzodlar quyidagi tartibda tanlab olinadi:
Hududlar kesimida fan yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlangan har bitta kvota uchun nomzodlar orasidan malaka sinovlaridan eng yuqori natijani ko‘rsatgan uchta nomzod tanlab olinadi. Bunda:
- nomzodlar malaka sinovlarida bir necha marotaba ishtirok etsa yoki bir necha fandan ishtirok etgan taqdirda eng yuqori natijani qayd etgan fani bo‘yicha yoki attestatsiya navbati tanlanadi;
- agar nomzod ikkita fan bo‘yicha ham nomzod sifatida tanlab olingan taqdirda qaysi fanni tanlash o‘qituvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Nomzodlarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, ularni tanlab olish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
- nomzodning amaldagi malaka toifasi darajasi yuqoriligi;
- Vazirlik tizimidagi tashkilotlardagi ko‘p yillik ish stajiga egaligi.
Yuqoridagi barcha holatlarda ham ballar teng kelib qolgan taqdirda, istisno tariqasida, pedagoglarning barchasi ikkinchi bosqichga o‘tkaziladi.
Pedagog xodimlarga navbatdagi majburiy attestatsiyada mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash hamda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan imtiyoz sifatida berilgan maksimal ball inobatga olinmaydi.
Ushbu pedagog xodimlar hamda navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilar o‘z xohishiga ko‘ra, tegishli yilda tashkil etiladigan attestatsiyada navbatdan tashqari ishtirok etish orqali Jamg‘arma hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni saralashning 1-bosqichida ishtirok etishlari mumkin.
Ikkinchi bosqichda – birinchi bosqich yakunlanganidan so‘ng 60 ish kuni ichida tanlab olingan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi.
Bunda suhbat o‘tkazish tartibi va mezonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Suhbat o‘tkazish jarayoni esa videoyozuvga olinadi.
Ikkinchi bosqich jarayonlari yakunida birinchi va ikkinchi bosqich ballarini qo‘shgan holda umumiy ballar chiqariladi hamda eng yaxshi natija egalariga belgilangan kvota doirasida ustama belgilanadi.
Saralash natijalariga ko‘ra Jamg‘arma hisobidan har oylik ustama olishga tavsiya etilgan umumta’lim tashkilotlarining malakali pedagog kadrlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga 2 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Har oylik ustama u belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida beriladi. Bunda xodimning ish joyi, lavozimi o‘zgargan holda ham uning har oylik ustamasi saqlab qolinadi va belgilangan muddatga qadar to‘lanadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Endi attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchilarga ancha qiyin bo‘ladi

Bu yil ham vazir ustamasi kvotasi to‘lmadi, qayta test o‘tkaziladimi?

Pedagoglarni qanday yangiliklar kutayotgani aytildi

Tuman hokimi Samarqand viloyati MMTBga boshliq bo‘ldi
Mavzuga doir yangiliklar

Bu yil ham vazir ustamasi kvotasi to‘lmadi, qayta test o‘tkaziladimi?
2025-yil uchun ajratilgan 1 500 ta kvotalar uchun 27 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatga olingan 4 499 nafar nomzodning 4 434 nafari test sinovlarida ishtirok etdi.

Vazir ustamasi uchun o‘tkazilgan testdan norozilar nima qilishi kerak?
Test sinovlaridan norizo bo‘lgan pedagoglar 1-bosqich test natijalari e’lon qilingandan so‘ng besh ish kunida apellyatsiya yuborishi kerak bo‘ladi.

Attestatsiyada 80 ball yiqqan o'qituvchilar 6 mln so‘mlik vazir ustamasini olishi mumkin bo'ladi
Yangi o‘quv yilidan 6 mln so‘mlik vazir ustamasiga barcha o‘qituvchilar da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi

Vazir ustamasi saralash bosqichiga doir e’tirozlar bormi?
Pedagoglarga qo‘shimcha imkoniyat yaratish choralarini ko‘rilishi kerak
Izohingizni tahrirlang