Top.Mail.Ru
“Tarbiya” qaysi fan o‘qituvchisiga berilishi kerak?

“Tarbiya” qaysi fan o‘qituvchisiga berilishi kerak?

08:10 / 26.08.2026 319

Savol

Men “Tarbiya” fanidan dars berib kelaman, mutaxassisligim bo‘yicha “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishini tugatganman. Maktablardagida “Milliy g‘oya” fanlari birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy etildi, lekin “Milliy istiqlol g‘oyasi” fani asosida joriy qilingan “Tarbiya” fani ekanligi biror-bir qarorda ko‘rsatib o‘tilmadi.

 

Maktabimizda 12 soat “Tarbiya” darsi bor, men “Tarbiya”dan oliy toifaman, keyin maktabimizda “Tarix” fanidan oliy toifali ustoz bor, MMTV’ning 2024-yil 28-may 168-sonli buyrug‘i bo‘yicha 12 soat “Tarbiya”ni teng taqsimlaymiz deyapti.

Lekin u o‘qituvchining “Tarix” fanidan 12 soat darsi bor. Menda esa 6 soat huquqdan darsim bor xolos. Bu yerda dars taqsimoti qanday amalga oshiriladi?


Javob

Ma’lumki, umumta’lim maktablarida dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 15-bandida belgilangan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.

Ma’lumki, Bosh vazirning 2024-yil 16-apreldagi 30/1-1782-sonli ko‘rsatma xatiga muvofiq “Tarix”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga 5-11-sinflarda “Tarbiya” fani bo‘yicha dars o‘tishlariga ruxsat berilgan. 


Bunda 5-11-sinflarda “Tarbiya” fanidan dars beradigan “Tarix”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va huquq ta’limi” mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarga “Tarbiya” fanidan malaka toifasi boʻlmagan hollarda amaldagi malaka toifasiga mos ravishda haq toʻlanadi. 


“Tarbiya” fanidan dars oʻtish huquqiga ega boʻlgan oʻqituvchilarda bir vaqtning oʻzida “Tarbiya” hamda tegishli fanlardan malaka toifalari boʻlsa, “Tarbiya” fanidan dars berganda faqatgina ushbu fan boʻyicha malaka toifasi tatbiq etiladi va mos ravishda haq toʻlanadi.

Bunda “Tarix” mutaxassisligiga ega o‘qituvchi ham, “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchi ham “Tarbiya” fanini o‘qitishda bir xil huquqqa ega.


Shu sababli, yuqoridagi vaziyatda “Tarbiya” fani bo‘yicha dars soatlarini “Tarix” va “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchilar o‘rtasida taqsimlashda dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizomning 15-bandida belgilangan ustuvor ketma-ketlikni hisobga olish lozim. 


Ushbu vaziyatda ikki pedagogning ham ko‘rsatgichlari bir xil. Shu sababli, pedagoglarda bir xil ko‘rsatkichlar mavjud ekanligi hisobiga dars soati ular o‘rtasida teng taqsimlanishi maqsadga muvofiq.

Lekin bu vaziyatda dars soatlari fanlar kesimida emas, pedagog xodimning umumiy o‘quv yuklamasi doirasida teng miqdorda taqsimlanishi lozim.


 Ya’ni, tarix fani o‘qituvchisining “Tarix” hamda “Tarbiya” fanlari bo‘yicha ham dars o‘tish huquqiga ega ekani unga har bir fan bo‘yicha alohida-alohida dars soati olish huquqini bermaydi. Ya’ni, o‘qituvchining “Tarix” hamda “Tarbiya” fanlari bo‘yicha ham dars berish huquqi mavjud bo‘lsa-da, u maktabdagi “Tarix” va “Tarbiya” fani dars soatlari taqsimotida ikki nafar alohida pedagog sifatida emas, bir nafar pedagog xodim sifatida ishtirok etadi. 


Shu bois, “Tarix” fanidan 12 soat, “Tarbiya” fanidan esa 6 soat dars olib, jami 18 soat yuklama shakllantirish orqali “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchidan ko‘ra ko‘proq dars soati talab qilolmaydi.


Shu nuqtayi nazardan qaraganda, savolda keltirilgan ikki nafar o‘qituvchining ko‘rsatkichlari bir xil — oliy malaka toifasiga ega ekanligi sababli, dars soatlari dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizomning 16-bandida nazarda tutilgan talablar asosida teng taqsimlanishi lozim.

Ya’ni, dars soatlari pedagogning umumiy o‘quv yuklamasi va nizomda belgilangan ustuvorlik mezonlari asosida, ayni shu fanga da’vogarlik qilayotgan boshqa pedagogning huquqlari ham hisobga olingan holda taqsimlanishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, “Tarbiya” fanidan mavjud bo‘lgan 12 soat dars “Milliy istiqlol g‘oyasi va huquq” mutaxassisligiga ega o‘qituvchiga, “Tarix” fanidan mavjud bo‘lgan 12 soat dars esa “Tarix” fani o‘qituvchisiga berilishi dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizomning 16-bandi talablariga mos tushadi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dars taqsimoti

Ulashish