Top.Mail.Ru
Pedagog xodimlarga beriladigan qanday ustama turlari bor?

Pedagog xodimlarga beriladigan qanday ustama turlari bor?

00:00 / 26.02.2024 11.39k
Ma’lumki, umumiy orta talim maktabi pedagog xodimlarining erishgan natijasiga qarab, ularga turli xil ustamalar belgilanadi. Biz mazkur ustamalarning ayrim turlari haqida ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.

Direktor jamg‘armasi hisobidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlariga beriladigan ustamalar

Mazkur ustamalar pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 10 foizdan  40 foizgacha bolgan miqdorda tayinlanadi. Uning tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” Nizom bilan belgilanadi. 

Fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlariga to‘lanadigan 10 foizlik har oylik ustama

Umumta’lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini yanada yaxshilash, fanlararo integratsiyani kuchaytirish, ta’lim va tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, STEAM yondashuvini samarali tatbiq etish, ta’lim jarayonida pedagog xodimlarga o‘z vaqtida metodik yordamni tashkil etish, ularning kasbiy va metodik mahoratini hamda malakasini oshirishda faolligi uchun Ishchi guruhning qarori bilan umumta’lim muassasasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlarining bazaviy tarif tavkalariga 10 foiz har oylik ustama haq belgilanadi.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” Nizom bilan tartibga solinadi.

Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishgan maktab rahbariyati hamda o‘qituvchilariga tolanadigan 40 foizgacha ustamalar

O‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati hamda o‘qituvchilariga bir o‘quv yili davomida 40 foizgacha ustamalar tolab beriladi. Bunda maktab rahbariyati va o‘qituvchilari rag‘batlantirishga tavsiya etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari ro‘yxati har o‘quv yili yakunida e’lon qilinadi.

Rahbar va pedagog kadrlariga ushbu maktablar tomonidan ikkita bosqich doirasida jami to‘plangan ballarga qarab quyidagi miqdorlarda ustama belgilanadi:

  • tahlil qilingan jami maktablar soniga nisbatan ballar ketma-ketligida eng yaxshi natija ko‘rsatgan birinchi 5 foiz umumta’lim maktablariga — 40 foiz;

  • tahlil qilingan jami maktablar soniga nisbatan ballar ketma-ketligida eng yaxshi natija ko‘rsatgan keyingi 10 foiz umumta’lim maktablariga — 30 foiz;

  • tahlil qilingan jami maktablar soniga nisbatan ballar ketma-ketligida eng yaxshi natija ko‘rsatgan keyingi 15 foiz umumta’lim maktablariga — 20 foiz;

  • tahlil qilingan qolgan umumta’lim maktablariga — 10 foiz.

    Bu 
    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-may kungi “Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 263-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

Xalqaro tan olingan yoki milliy sertifikatga ega bo‘lgan ayrim fan o‘qituvchilariga beriladigan ustamalar
  
Bu ustamalar Xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan fan o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz, milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga esa 20 foiz miqdorida beriladi.  

Bu Ozbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PF-134-son farmoni, 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qaori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 28-iyuldagi bir necha vazirliklar bilan imzolagan 25-sonli qo‘shma qarori bilan tartibga solinadi.

Vazir jamg‘armasi hisobidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga beriladigan ustamalar

Ushbu ustamalar vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida 9 oy davomida beriladi. Shuningdek, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ilg‘or xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi.

Buning tartibi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risida”gi Nizom bilan belgilangan.

O‘quvchiligi vaqtida olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan pedagog kadrlarga har oy 100 - 150 foiz miqdorda tayinlanadigan ustama

Bu kabi ustamalar o‘quvchiligi vaqtida Xalqaro olimpiada g‘olib bo‘lib, keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarning lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblariga lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lab beriladi. 

Ushbu tartib Prezidentning 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306-son qarorida belgilangan.

Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga beriladigan ustamalar

Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ish stajidan kelib chiqib quyidagi miqdorda ustamalar to‘lanadi:

  • 6 oydan  3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 10 foiz;
  • 3 yildan  5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 20 foiz;
  • 5 yildan  10 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 30 foiz;
  • 10 yildan  15 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 40 foiz;
  • 15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga esa 50 foiz ustama to‘lab beriladi.

Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi 471-sonli qarori bilan belgilangan.

Undan tashqari olis hududdagi maktabga borib ishlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarni yanada rag‘batlantirish uchun 2021-yil 11-yanvarda Prezidentning PQ-4940 sonli qarori ham imzolangan.

Unga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchilarga to‘lanadigan ustamalar

Oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifali, kamida bir yil pedagogik ish stajga ega bo‘lgan pedagoglar ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan taqdirda ularga 50 foizdan – 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

Bunda boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga quyidagicha miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:

  • bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama.

Boshqa hududdan ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga jalb etilgan pedagoglarga faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pullik kompensatsiya to‘lab berilishi ham ta’minlanadi.

Agar pedagog xodim amalda ishlayotgan ish joyida direktor jamg‘armasi hisobidan ustama olayotgan bo‘lsa, bu ustamalar ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ish boshlagan taqdirda ham bir o‘quv yili davomida saqlanib qoladi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.

Qishloq joylarda ishlayotgan ayol jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga beriladigan 15 foizlik ustamalar
 
2010-yil 1-apreldan boshlab qishloq joylardagi umumta’lim maktablarida, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz miqdorda ustama haq belgilash yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 1-apreldagi “Qishloq joylardagi bolalar sporti ob’yektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1315-sonli qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan.

Inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga to‘lanadigan qo‘shimcha ustama

Inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi sinfda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bir nafar bola uchun lavozim maoshining 10 foizi, ikki nafar bola uchun lavozim maoshining 20 foizi, uch nafar bola uchun lavozim maoshining 30 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq inklyuziv ta’lim sinflarida to‘rt nafar va undan ortiq bola uchun ta’lim-tarbiya ishlarini olib borgan o‘qituvchilar va maxsus pedagoglarga lavozim maoshining 40 foizi miqdorida belgilanadi.

Boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar o‘qituvchilari va maxsus pedogoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 50 foizi miqdorida to‘lanadi. Inklyuziv ta’lim sinflari sinf rahbariga sinf rahbarligi uchun to‘liq hajmda qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi va u direktor jamg‘armasidan rag‘batlantiriladi.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan belgilangan.

Nufuzli xalqaro reyting o‘rin olgan yoki PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja ega bo‘lgan yosh mutaxassislarga to‘lanadigan ustamalar

Ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga 15 foizdan – 75 foizgacha ustamalar to‘lab beriladi.

Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmonida belgilangan.

Xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan pedagoglarga beriladigan 70 foizlik ustama

Mazkur ustamalar 2025-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga joriy qilinadi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning yangilangan tahririga ko‘ra xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatiga ega bo'lgan pedagglarga 70 foizlik ustama berish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 692-son qarori bilan yo‘ga qo‘yilmoqda.

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktori va uning o‘rinbosarlariga to‘lanadigan qo‘shimcha ustamalar

2024-yil 1-sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar xodimlariga 5 yil muddat davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi: 

  • maktab direktorlariga – 50 foiz;
  • direktor o‘rinbosarlariga – 30 foiz.

Mazkur ustamaga da’vogarlar Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida joriy qilingan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qishi hamda sertifikat olishi lozim.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan.

Xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ta’lim muassasasi direktorlariga beriladigan ustamalar

Xalqaro matematika olimpiadasi — International Mathematical Olympiad (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi — International Physics Olympiad (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi — International Chemistry Olympiad (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi — International Biology Olympiad (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi — International Olympiad in Informatics (IOI) g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan oltin, kumush va bronza medallariga qarab tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama haq to‘lanadi.

Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” Nizomda belgilangan.

Keyingi maqolalarimizda boshqa turdagi ustamalar hamda pedagog xodimlarga bu kabi ustamalarni tayinlash tartibi haqida ham batafsil ma’lumotlar berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama

Ulashish