Xorijiy til o‘qituvchilarining ustamasi kamaydimi?
Savol
Xorijiy til o‘qituvchilariga to‘lanadigan 50 foizlik ustamalar joriy yil 1-yanvardan bekor qilindimi? Ayrimlar, ustama butunlay bekor bo‘ldi desa, ayrimlar 20 foizga tushirildi deyapti. Iltimos, nimalar bo‘lganini batafsil tushuntirib beringlar.
Javob
Haqiqatdan ham ijtimoiy tarmoqlarda milliy va xalqaro sertifikatlar uchun to‘lanadigan ustamalar borasida turli xil xabarlar e’lon qilindi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qarori bilan xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lash 2025-yil 1-yanvardan boshlab to‘xtatildi.
Lekin bu xabar noto‘g‘ri talqin qilinib, ayrimlar uni xorijiy til o‘qituvchilariga ustama to‘lash ham to‘xtatiladi, deb tushunishdi. Ammo bu yerda faqatgina davlat boshqaruv idoralarining xodimlari haqida so‘z borgandi. Ya’ni, bu xorijiy til o‘qituvchilariga taalluqli emas.
Xorijiy til o‘qituvchilariga to‘lanadigan ustamalar miqdori kamaydimi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-134-sonli farmoniga ko‘ra Bilim va malakalarni baholash agentligining xalqaro standartlar talablariga javob bermaydigan milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagicha to‘lanishi belgilangan:
- 2025-yil 1-yanvarga qadar — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- 2025-yil 1-yanvardan boshlab — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida.
Shu sababli, 2025-yil 1-yanvardan milliy sertifikatga ega bo‘lgan xorijiy til o‘qituvchilariga to‘lanadigan 50 foizlik ustamalar endilikda, 20 foizga tushirildi.
Ayrim xorijiy til o‘qituvchilari uchun 50 foizlik ustama to‘lash davom ettiriladi
Shuni alohida ta’kidlash joizki, agar xorijiy til o‘qituvchisi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lsa, ularga 50 foiz miqdorida ustama to‘lash davom etaveradi.
Bunda xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan xorijiy til o‘qituvchilariga ham 50 foiz miqdorida ustama to‘lanaveradi.
Faqat buning uchun, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, xorijiy til o‘qituvchisi faqat O‘zbekistonda tan olinadigan, BMBA tomonidan berilgan, milliy sertifikatga ega bo‘lsa, ularga endilikda, 2025-yil 1-yanvardan boshlab 20 foiz ustama to‘lanadi.
Agar u xalqaro darajadagi sertifikatga ega bo‘lsa, 50 foizlik ustamasi saqlanib qolaveradi.
Ma’lumot uchun: Pedagog xodimlarga ustama belgilashda qo‘llaniladigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori bilan tasdiqlangan.
Ustama belgilashda qo‘llaniladigan sertifikatlar ro‘yxati bilan tanishish
Izohlar 21
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihonida nega 90 ta test topshiradi?
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Ikkita fandan dars beradigan o‘qituvchiga ustama qanday to‘lanadi?
Baholash natijalariga ko‘ra, pedagog 100 ballgacha to‘plashi va to‘plagan ballidan kelib chiqib, unga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 40 foizgacha ustama belgilanishi mumkin.
So'ragan edingiz
Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 70 foizlik ustama uchun ball beradimi?
Qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga beriladi.
So'ragan edingiz
Metodbirlashma rahbarlari KRK sertifikati olmasa, ustamasi bekor bo‘ladimi?
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 26-bandiga ko‘ra, fan yo‘nalishlari bo‘yicha metodik birlashma rahbarlariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 10 foiz miqdorida har oylik ustama belgilanishi mumkin.
So'ragan edingiz
Olis hudud ustamasini hisoblashda o‘qituvchining qaysi ish staj hisobga olinadi?
Mazkur tartib olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni rag‘batlantirish, olis hududdagi ta’lim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida joriy qilingan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang