Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini 5 kunlik ish rejimiga o‘tkazish vazirlik qo‘lida edi, ammo...

O‘zbekistonda maktablarni 5 kunlik tizimga o‘tkazish masalasi hali ham kun tartibida turibdi. Bu mavzuda ommaviy axborot vositalarida ham ko‘plab maqolalar e’lon qilindi.
Xususan, Kun.uz nashri 5 kunlik dars tizimi haqida pedagog va jamoatchilik vakillari fikri bilan ham qiziqdi. Ammo bu mavzuda birinchilardan bo‘lib munosabat bildirishi kerak bo‘lgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hozircha sukut saqlamoqda.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini 5 kunlik ish rejimiga o‘tkazish imkoniyati mavjud edi
Ma’lumki, I-IV sinflar uchun o‘quv haftasining davomiyligi pedagogik kengashning qaroriga ko‘ra 5 kun etib belgilanishi mumkin. Shu sababli, hozirgi kunda O‘zbekistonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun haftaning shanbasi o‘qish kuni hisoblanmaydi.
Ammo Xalq ta’limi vazirligining 2020-yilda “Umumiy o‘rta ta’lim maktabining Metodbirlashmalari to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra haftaning shanba kuni boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun metodik kun etib belgilangandi. Ya’ni, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining haftaning shanba kunida darslari bo‘lmasa-da, ishga kelishga majbur edi.
Oradan ikki yil o‘tib, sobiq Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning 2022-yil 5-dekabrdagi 372-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilarning metodik kunlari ham, fan oyliklarini o‘tkazish tartibi ham rasman bekor qilindi.
Pedagog xodimlar uchun metodik kunlar rasman bekor qilingani sababli, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga shanba kunini dam olish kuni sifatida belgilash imkoniyati paydo bo‘lgandi, ammo vazirlik bunday qilishga urinib ko‘rmadi, aniqrog‘i buni xohlamagan ko‘rinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga yengillik yaratish o‘rniga metodik kunlarni “Kasbiy rivojlanish kunlari” sifatida qayta joriy qilib, haftaning shanba kunini boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” etib belgiladi.
Ya’ni, vazirlikning 2024-yil 7-avgustdagi 246-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan yangi tartibga ko‘ra, o‘qituvchining “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida ishtirok etmaslik holati shu kuni ishga kelmaganlik sifatida qayd etilishi va ular ishga kelmagan taqdirda ish haqi to‘lab berilmasligi aniq belgilab qo‘yildi.
Buning ortidan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga haftaning shanbasini dam olish kuni sifatida belgilash borasidagi oxirgi umidlarimiz ham yo‘qqa chiqdi. Aslida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hech bo‘lmaganda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun haftaning shanbasini dam olish kuni sifatida belgilashi ham mumkin edi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari kichik yoshdagi bolalar bilan ishlaydi, bu esa ulardan katta sabr, e’tibor va uzluksiz ruhiy zo‘riqishlarga bardoshlilikni talab qiladi. Shuning uchun ham ular boshqa toifadagi o‘qituvchilarga nisbatan ko‘proq charchaydi, tez-tez stressli holatlarga duch kelishi mumkin.
Agar shanba dam olish kuni sifatida belgilanganda edi, bu ularning ruhiy sog‘lig‘i uchun katta yengillik bo‘lardi. Haftada bir kun ko‘proq dam olish o‘qituvchidagi stress darajasini kamaytirishga yordam beradi.
Shuningdek, pedagoglarning oilasi va farzandlari bilan mazmunli vaqt o‘tkazishiga imkon yaratadi. Bu esa o‘qituvchining ish samaradorligiga, darslarning sifatiga, eng muhimi — o‘quvchilarning natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Umuman olganda, shanba kunini dam olish kuni sifatida avvalo boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun joriy etish — vazirlik uchun amaliy jihatdan muhim tajriba-sinov jarayoni bo‘lishi mumkin edi. Bu tajriba orqali tizimdagi real o‘zgarishlar, o‘qituvchilarning ruhiy holati va dars sifati o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinib, keyinchalik bu amaliyotni bosqichma-bosqich yuqori sinf o‘qituvchilari uchun ham tatbiq etish mumkin edi.
Zero, ta’lim tizimini rivojlantirishni istasak, o‘qituvchining yetarlicha dam olishi uchun ham munosib sharoit yaratishimiz zarur.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Yangi o‘quv yilidan 3-sinflarda ham informatika fani joriy etiladi

Ba’zi platformalarda bolalarni zararli kontentdan himoya qilish choralari kuchaytiriladi

Mashina haydagan maktab o‘quvchisi o‘z onasi va singlisining o‘limiga sababchi bo‘ldi

Aprel oyidan boshlab PIRLS 2026 tadqiqotining tajriba-sinov bosqichi boshlanadi
Mavzuga doir yangiliklar

Deputatlar ham 5 kunlik o‘qish tizimi haqida gapira boshladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shaxnoza Xolmaxamatova “Ta’lim tizimini to‘liq 5 kunlik o‘qish va ish rejimiga o‘tkazish” mavzusiga e’tibor qaratdi.

Maktablarni 5 kunlik ish rejimiga o‘tkazish haqidagi taklif hukumatga yuborildi
10 mingdan ortiq ovoz to‘plagan ushbu murojaat tegishli vakolatli davlat organi – Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan.

Ramazon oyida xodimlar ishdan vaqtliroq ketishlari mumkinmi?
Ro‘zador xodimlar 30 daqiqa vaqtliroq ketishlari mumkin...

14-yanvar kuni o‘qishmi yoki dam olish kunimi?
Bu kun ishlanmaydigan bayram kunlari tarkibiga kirmaydi
Izohingizni tahrirlang