Vazirlikni sudga bergan o‘qituvchilarga bosim bo‘lgani aytilmoqda, ular da’vo arizasini qaytarib olmoqchi
Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergan 5 nafar o‘qituvchilarning 2 nafariga bosim qilingani tufayli da’vo arizasini qaytarib olgan, qolgan 3 nafari ham turli xil bosimlarga uchragani sababli, sudga kiritgan da’vo arizalarini qaytarib olish istagida ekanligi aytilmoqda.
Avvalroq, attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergandi. Sud esa 2025-yil, 12-avgust kuniga belgilangandi.
Sudda pedagoglar huquqini himoya qilayotgan advokatlardan biri Muhammadamin Karimjonovning yozishicha, kecha, 12-avgust kuni birinchi sud majlisi o‘tkazilgan, keyingi sud majlisi esa 26-avgustga qoldirilgan.
Ammo advokatning aytishicha, sudga da’vo arizasi kiritgan pedagoglar turli xil bosimlarga uchragan. Shu sababli, u sud ishi oxirigacha yetib borishiga shubha qilmoqda.
“Mazkur sud ishida advokatlar men, Karimjonov Muhammadamin hamda Xatamjonov Nazirjonlar pedagoglarning huquqlarini himoya qilmoqdamiz. Bugun birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Keyingi sud majlisi 26-avgustga qoldirildi. Ustozlarimiz oxirigacha turib bera olarmikanlar?
Nega deysizmi…? Sababi pedagoglarga nisbatan bosimlar bo‘lmoqda. 5 nafar pedagogdan 2 nafari “o‘yindan” chiqdi. Qolgan 3 nafar pedagog ham bosim ostida…Ular ham arizamizni qaytarib olsakmikan, deb turishibdi… Biz “halol o‘yin” tarafdorimiz.”, - deydi advokat.
Shuningdek, advokat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat qilib, quyidagilarni eslatgan:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 55-moddasiga ko‘ra, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi;
- Advokat so‘roviga axborotni (hujjatlarni) taqdim qilmaslik ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi (MJTK 197-1-moddasi).
Attestatsiya natijalari haqida
Joriy yilning 15-aprel sanasidan boshlab, 14-mayga qadar pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etdi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi.
Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58.9%) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmagan.
Ko‘plab pedagoglar bu holatni test savollarining o‘ta murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohlagan.
Nega o‘qituvchilar orasida norozichilik keng avj oldi?
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog kadrlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda ariza (shikoyat) berishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Ammo attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuboriladi. Shundan so‘ng, pedagoglar noroziligi yanada avj ola boshladi.
Attestatsiya bo‘yicha sud ishi
2025-yil iyul oyida 5 nafar ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilgandi.
Da’vo arizasida attestatsiya jarayonlariga oid 9 ta e’tirozli holatlar keltirilgan bo‘lib, ulardan eng asosiy urg‘u test savollarining murakkablik darajasi belgilangan vaqt me’yoriga mutanosib emasligi hamda savollar tuzish jarayonida validlik va testologiya qoidalariga rioya etilmaganligiga qaratilgan.
Shuningdek, da’vo arizasida keltirilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi Apellyasiya komissiyasi tomonidan pedagoglarning shikoyatlari asosli, huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deya topilib, rad etilgan.
Ammo, Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yildagi 572-sonli qarorning 60-bandida apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan e’tiboran 5 kun muddatda murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, ushbu talablar vakolatli tashkilotlar tomonidan bajarilmagan.
Izohlar 7
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi uy ta’limida dars beradigan o‘qituvchilarga "yo‘l haqi" ham to‘lab beriladi
Attestatsiya bo'yicha apellyatsiyada o‘qituvchilar ishtiroki rasman cheklandi
O‘qituvchilar uchun ChatGPT’da maxsus servis qo‘shildi
Attestatsiya uchun o‘qituvchilardan 25 ming dollar olgan pedagoglar qo‘lga tushdi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Attestatsiya bo'yicha apellyatsiyada o‘qituvchilar ishtiroki rasman cheklandi
Endilikda apellyatsiya shikoyatlari o‘qituvchilar ishtiroksiz ko‘rib chiqiladi. Mazkur tartib hukumatning 2025-yil 26-noyabrdagi VM-740-sonli qarori bilan bekor qilindi.
So'ragan edingiz
O‘qituvchi attestatsiyaga ariza topshirib, unda qatnashmasa amaldagi toifasi kuyib ketadimi?
Oliy toifali jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisiman. 70 foizlik ustama, vazir jamg‘armasi va “Yil o‘qituvchisi”ga da’vogarlik qilish maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish uchun ariza topshirgandim.
Yangiliklar
Attestatsiya uchun o‘qituvchilardan 25 ming dollar olgan pedagoglar qo‘lga tushdi
Namanganda ta’lim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan “bunker” fosh etildi.
Yangiliklar
Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sud uchun yig‘ilgan pullarni xayriya qilib yubordi
Advokat xizmati va boshqa xarajatlar uchun yig‘ilgan pullar ega-egalariga qaytarib berilgan, pullarni qaytarib olishni istamagan ustozlarning umumiy mablag‘lari xayriya uchun yo‘naltirilishi kelishib olindi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang