70 fozilik ustama o‘qituvchining oylik maoshidan kelib chiqib to‘lanadimi?

Savol
Bu yil 70 foizlik ustamani qo‘lga kiritgandim. Undan tashqari vazir ustamasini hamda milliy sertifikat uchun yana 50 foizlik ustama ham olaman, 30 soat dars ham olmoqchiman.
Ammo “zavuch” aytyaptiki, 70 foizlik ustama faqat 20 soat darsingiz uchun to‘lanadi, shuningdek bu ustamani olsangiz, milliy sertifikat uchun 50 foizlik ustama berilmaydi, chunki sizning ustamangiz 120 foiz bo‘lib ketyapti, shunga faqat bittasini to‘laymiz, deyapti.
O‘zi 70 foizlik ustama qanday hisoblanadi va bu ustamani oladiganlar boshqa ustamalardan mahrum bo‘ladimi?
Javob
Bu yerda pedagoglarga 70 foizlik ustama to‘lash tartibiga oid bir nechta savollar ketma-ket berilgan. Shu sababli, ularning har biriga alohida javob beramiz.
70 foizlik ustama qanday hisoblanadi?
Ma’lumki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan pedagoglarga 70 foizlik ustama berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmonida nazarda tutilgan.
Mazkur Farmonning 3-v-bandida pedagog kadrlarga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, bunda xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ushbu qoida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qarorida ham o‘z aksini topgan.
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizomning 21-bandiga ko‘ra pedagog xodimlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustamalar, shu jumladan mavjud sertifikatlari uchun to‘lanadigan ustamalar, tarifikatsiya ro‘yxatida ajratilgan dars soatlariga (o‘qituvchining tarif stavkasiga) mutanosib ravishda to‘lab beriladi.
“Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi (ro‘yxat raqami 3271) nizomga ko‘ra:
- bazaviy tarif stavkasi ― bir stavka dars soati uchun o‘qituvchining ma’lumoti va malaka toifasiga ko‘ra belgilangan bazaviy haq miqdori;
- o‘qituvchining tarif stavkasi ― o‘qituvchiga biriktirilgan dars soatlari asosida bir stavka uchun belgilangan bazaviy tarif stavkadan kelib chiqib aniqlanadigan miqdor.
Bunda o‘qituvchi bir stavkadan ortiq yoki kam dars bergan taqdirda, uning tarif stavkasi miqdori ham shunga mutanosib ravishda o‘zgarib boradi.
Ya’ni, xalqaro standartlar asosida malaka toifasi sertifikatiga ega bo‘lgan pedagoglarga 70 foizlik ustama ularning tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan qo‘shimcha ravishda to‘lab berilishi kerak bo‘ladi.
70 foizlik ustama olganlarga milliy sertifikat ustamasi to‘xtatiladimi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-134-sonli Farmoniga ko‘ra, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, o‘zi dars beradigan fani bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:
- xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida.
Bunda Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama 2025-yil 1-yanvardan boshlab, 20 foiz miqdorida to‘lanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 37–son Farmoni 12-bandiga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan milliy sertifikatga ega “Ona tili va adabiyot” hamda “Tarix” fani o‘qituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan.
Xalqaro standartlar asosida malaka toifa sertifikatiga ega bo‘lgan pedagoglarga 70 foizlik ustama berish tartibi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qarorida belgilangan.
Ya’ni, milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lganlik uchun to‘lanadigan ustamalarning attestatsiyada ishtirok etib, 86 va undan yuqori ball olgan birinchi va oliy toifali o‘qituvchilarga to‘lab beriladigan 70 foizlik ustamaga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchi 70 foizlik ustamani qo‘lga kiritsa, milliy yoki xalqaro sertifikat uchun to‘lab beriladigan ustamani to‘lash to‘xtatib qo‘yilmaydi.
Nafaqat milliy va xalqaro sertifikat uchun to‘lanadigan ustamalar, balki boshqa ustamalar ham (vazir ustamasi, direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustama va h.k) to‘xtatilmaydi.
Izohlar 3
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

70 foiz ustama oladigan o‘qituvchilar ro‘yxati “ERP” dasturiga kiritildi

Maktabdagi bo‘sh yerlar bog‘cha qurmoqchi bo'lgan tadbirkorlarga 30 yilga bepul foydalanishga beriladi

Malaka toifasiga qo‘shimcha haq to‘lanmagan CHQBT o‘qituvchisi sudda yutib chiqdi

Yana 4 nafar o'qituvchi vazirlikni sudga bergani uchun bosimga uchragani aytilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar

70 foiz ustama oladigan o‘qituvchilar ro‘yxati “ERP” dasturiga kiritildi
Hududiy boshqarma boshliqlariga 70 foizlik ustama to‘lab berilishini nazoratga olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berdi.

4 198 nafar o‘qituvchiga 70 foizlik ustama beriladigan bo‘ldi
Oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) hamda 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagog kadrlar ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘qituvchilarga qachondan boshlab 70 foizlik ustama to‘lash boshlanadi?
Pedagoglarga sertifikat olingan kundan boshlab 70 foizlik ustamalar ularning oylik ish haqlariga qo‘shib hisoblash boshlanadi.

Ish tajribasi boshqa maktabda ommalashtirilgan o‘qituvchiga ustama uchun ball bersa bo‘ladimi?
O‘qituvchining ish tajribasi maktabda ommalashgan bo‘lib, ish joyini boshqa maktabga ko‘chirsa, ustama uchun shu maktabdan ball bersa bo‘ladimi?
Izohingizni tahrirlang