Top.Mail.Ru
Maktablarning haqiqiy ahvoli ochiqlandi

Maktablarning haqiqiy ahvoli ochiqlandi

17:30 / 10.12.2025 527

Joriy yil 9-dekabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi  bilan hamkorlikda “Kelajak maktabi” mavzusiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.


Ma’lum bo‘lishicha, mazkur seminarda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova jamoasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev, vazirlik xodimlari hamda xalqaro hamkor tashkilotlar, vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar, alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar ishtirok etgan.


Seminarda O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining hozirgi infratuzilmasi, ta’lim sifatiga bevosita ta’sir qilayotgan omillar, shu jumladan xavfli hojatxonalar, tor yo‘laklar, o‘qituvchilar va yuqori sinf o‘quvchilari uchun qulay joylarning yetishmasligi hamda maktablarni isitish masalasi muhokama qilindi.


Hisobotlarda ta’kidlanishicha, maktablarning:


  • 52 foizi majlislar zaliga ega emas;


  • 56 foizida oshxona mavjud emas;


  • 95 foizida hojatxonalar tashqarida joylashgan;


  • 274 ta maktab qo‘lbola pech (“burjuyka”) bilan isitiladi;


  • 79 foizi isitish uchun ko‘mirdan foydalanadi;


  • 88 foizi kanalizatsiyaga ega emas;


  • 48 foizi markazlashgan suv ta’minotiga ega emas;


  • 44 foizida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun asosiy shart-sharoitlar mavjud emas.


“Budjetlar doimiy optimallashtirilayotgan sharoitda maktab loyihalaridan ko‘pincha juda zarur elementlar — bino ichidagi hojatxonalar, faollar zali, sport zallari — olib tashlanib, faqat sinfxonalar qoldiriladi. Buni maktablarni loyihalash jarayonida qayta ko‘rib chiqish shart, - deydi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi mas’ul xodimi Aziza Umarova.

Sanitariya sharoitlari yo‘qligi sabab, har 14 ta qizdan bir nafari maktabga bormaydi


O‘tgan yili UNICEF va Bolalar ombudsmani O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar holati bo‘yicha yangi tahlil natijalarini e’lon qilgandi. Unda bolalar hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi hududiy va global muammolarni ko‘rsatilib, bolalarning ta’lim olish imkoniyati hamda ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasi haqida statistik ma’lumotlar ochiqlangan. O‘shanda xalqtaliminfo.uz vaziyat tahlilining bolalar davomati bilan bog‘liq bo‘lgan qismining qisqacha sharhini e’lon qilgandi.


Tahlillarga yana bir bor nazar tashlaydigan bo‘lsak, ta’lim muassasalaridagi infratuzilmaviy muammolar o‘quvchilar davomatiga ham ta’sir qilganini ko‘rish mumkin.


Masalan, 15-49 yoshdagi ayollarning salmoqli qismi hayz paytida tegishli parvarish vositalaridan foydalansa-da, ayollarning 7 foizi 2024-yilning so‘nggi 12 oyi ichida hayz ko‘rgan paytda ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan, ishlamagan yoki maktabda o‘qimagan, bu ko‘rsatkich 15-19 yoshdagi o‘smir qizlar (8 foiz), o‘rta ma’lumotli ayollar (9 foiz) va eng kambag‘al uy xo‘jaliklari (12 foiz) orasida yuqori bo‘lgan.


Maktablarda suv ta’minoti, sanitariya sharoitlari va gigiyena bilan bog‘liq vaziyat o‘quvchilarning salomatligi va davomatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. So‘nggi besh yil ichida 0 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda yuqumli va parazitar kasalliklar bilan kasallanish ko‘paygan. 


MICS ma’lumotlariga ko‘ra, qishloqdagi har 14 ayol va qiz bola hayz ko‘rish paytida ishga yoki maktabga bormaydi, kambag‘al oilalarda bu ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lib, har sakkiztadan birini tashkil etadi.


O‘zbekistonda umumta’lim maktablarining 78 foizdan ortig‘i faqat bitta ishlaydigan hojatxona xonasiga ega (o‘rtacha 2-3 o‘rinli). Xizmatlarning Qo‘shma monitoring dasturi (QMD) shkalasi tasnifiga ko‘ra, maktablarning 57 foizi faqat cheklangan sanitariya-gigiyena xizmatlariga ega, yana 23 foizida esa bu xizmatlar deyarli yo‘q.


Maktablarning 2 foizi xizmat mavjudligi bo‘yicha ilg‘orlar toifasiga kirsa, yana 10 foizi bazaviy xizmatlarga ega bo‘lganlar toifasiga kiradi. QMD tasnifiga ko‘ra, maktabda butun o‘qish davomida mavjud bo‘lgan yaxshilangan manbadan olingan ichimlik suvining mavjudligi “bazaviy xizmatlar” deb hisoblanadi, maktabda bitta jins tomonidan foydalanishi uchun mo‘ljallangan (mavjud, ishlaydigan va yopiq) yaxshilangan sanitariya-gigiyena sharoitlari esa “bazaviy xizmatlar” deb hisoblanadi.


2024-yilda o‘tkazilgan maktablarning o‘z-o‘zini baholash tahlillari shuni ko‘rsatganki, ichimlik suvi bilan ta’minlash bazaviy xizmatlari shahar maktablarining 83 foizida, qishloq maktablarining 71 foizida va chekka hududlardagi maktablarning 64 foizida mavjud bo‘lgan.


Biroq, har o‘ninchi maktabda faqat bazaviy sanitariya-gigiyena xizmatlari mavjud (shahar maktablarining 21 foizi, qishloq maktablarining 6 foizi va chekka hududlardagi maktablarning 12 foizi). 


Umuman olganda, butun mamlakat bo‘ylab birinchi smenada har 168 o‘quvchiga va ikkinchi o‘quv smenada har 84 o‘quvchiga bitta qo‘l yuvish uskunasi to‘g‘ri keladi.


Shaxsiy gigiyena vositalarining yetishmasligi, ayniqsa qizlar uchun, davomatga salbiy ta’sir qilgan. Mamlakatdagi umumiy o‘rta maktablarning taxminan 13 foizi hali ham lozim suv ta’minotiga ega bo‘lmagan. Maktablarning 3 foizida suv quvurlari mavjud emas, yana 3 foizi himoyalanmagan quduqlar yoki ariqlardan, 8 foizi esa artezian buloqlaridan himoyalanmagan suvdan foydalanadi.


Ma’lumotlar O‘zbekistondagi shahar va qishloq o‘quv muassasalari o‘rtasida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatgan. Bu farq shuni anglatadiki, qishloq o‘quvchilarining katta qismi maktabda xavfsiz ichimlik suvidan ishonchli foydalanish imkoniyatiga ega emas.


Sanitariya sharoitlarida ham shunga o‘xshash bo‘shliq kuzatilmoqda, shahar maktablarining 86 foizi, qishloq joylarida esa atigi 63 foizi bazaviy sanitariya sharoitlariga ega. Qishloq maktablarida tegishli sanitariya sharoitlarining yetishmasligi, ayniqsa, tegishli sharoitlar yo‘qligi sababli hayz paytida uyda qolishi mumkin bo‘lgan qizlar uchun davomatning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Sanitariya

Ulashish