Top.Mail.Ru
Vazirlik ko‘zi ojiz o‘qituvchilar muammosi bo‘yicha ma’lumot berdi

Vazirlik ko‘zi ojiz o‘qituvchilar muammosi bo‘yicha ma’lumot berdi

16:30 / 22.02.2024 2.04k
Bugun xalqtaliminfo.uz saytida e’lon qilingan “Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarni ham kimdir eshitadimi?” nomli maqoladan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova xalqtaliminfo.uz tahririyati bilan bog‘lanib, vazirlikka aloqador bo‘lgan muammolar bartaraf etilganini bildirdi.

Ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan tarjimon kotiba (referent) lavozimining malaka tavsiflari bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchiliklar bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilindi:

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 16-avgustdagi 247-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) rahbar va xodimlarining malaka tavsiflari”ga kora ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan tarjimon kotiba (referent) oliy, bakalavr diplomiga ega bo‘lishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi) kerakligi qayd etilgan. Bundan tashqari, tarjimon kotiba lavozimi uchun chet tili mutaxassisligi talab etilgandi.

MMTV 16.08.2023 247-son 4-ilova 


Vazirlik Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning aytishicha, ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan tarjimon kotiba (referent) lavozimining malaka tavsiflari belgilanishida texnik xatolik sabab shunday muammo yuzaga kelgan. Keyinchalik bu muammo tezkorlik bilan bartaraf etilib, hududlarga vazirlikning 2023-yil 16-avgustdagi 247-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) rahbar va xodimlarining malaka tavsiflari”ning qayta tahrirlangan varianti yetkazilgan.

MMTV 16.08.2023 247-son 4-ilova tuzatish kiritilgan varianti

Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar ishlaydigan maktablarda qo‘shimcha tarjimon-kotiba lavozimi shtat birligi kiritilishi bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammo esa manzilli tartibda o‘rganilib, aynan qaysi maktablarda shu kabi muammolar kuzatiladigan bo‘lsa, buni bartaraf etish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi. Shu o‘rinda bu kabi muammolarga duch kelayotgan ko‘zi ojiz o‘qituvchilar xalqtaliminfo.uz tahririyatiga murojaat qilishlarini so‘raymiz.

Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga Milliy sertifikat jarayonida ishtirok etish uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish masalasi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan hal etilishi lozim. Demak, endi agentlik munosabatini kutib qolamiz.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ko'zi ojiz o'qituvchi
  • Rasmiy munosabat

Ulashish