Top.Mail.Ru
Pedagoglarga bayram kunlari uchun oylik yozilmaydimi?

Pedagoglarga bayram kunlari uchun oylik yozilmaydimi?

16:37 / 29.12.2024 11.08k

Savol

Yangi yil bayrami munosabati bilan pedagog xodimlar ketma-ket 5 kun dam olar ekan. Endi shu dam olish kunlari hisobiga dekabr va yanvar oyidagi maoshimiz kamayadimi?


Javob

Bugungi kunda juda ko‘p pedagog xodimlardan Yangi yil bayrami arafasidagi dam olishlar hisobiga oyliklar kamayadimi, degan savollar yetib kelmoqda.


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi PF-213-son “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Farmoni va 2024-yil 24-dekabrdagi PQ-452-son qarorga muvofiq 5 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar ketma-ket 6 kun, 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar esa ketma-ket 5 kun dam olishadi. Ish haftasining turidan qat’i nazar 3-yanvar, jumladan barcha xodimlarga ish kuni. 5 kunliklar uchun 4-yanvar shanba ham ish kuni hisoblanadi.


Bunda dam olish kunlari quyidagicha belgilandi:


  • 29-dekabr, yakshanba — barcha uchun odatiy dam olish kuni;


  • 30-dekabr, dushanba — 6 kun ishlovchilar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kun ishlovchilar uchun 14-dekabr (shanba) kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni;


  • 31-dekabr, seshanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;


  • 1-yanvar, chorshanba — Yangi yil bayrami;


  • 2-yanvar, payshanba — 6 kun ishlovchilar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kun ishlovchilar uchun 4-yanvar (shanba) kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni.


Mehnat kodeksining 249-moddasi 4-qismiga ko‘ra, xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga ko‘ra haq to‘lanadi.


Bunda mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamaymaydi. Masalan, o‘qituvchi 1 oy davomida 22 ish kuni ishlaydimi yoki 20 ish kuni ishlaydimi, uning oylik ish haqi kamaymaydi.


Soatbay ishlaydigan pedagoglarning ish haqi-chi?


Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida esa qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamayishi mumkin. Chunki bunda xodimlarga ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda haq to‘lanadi.


Mehnat kodeksining 277-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq to‘lash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.


Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga ko‘paytirish yo‘li bilan ham aniqlanishi mumkin.


Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq to‘lashning razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.


Masalan, ta’lim sohasida soatbay ish haqi o‘qituvchi tomonidan o‘tilgan dars soatlari miqdori bilan bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni, soatbay dars o‘tadigan o‘qituvchilarning ish haqi o‘tilgan dars soatlari miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham soatbay dars o‘tadigan o‘qituvchilarning maoshlari qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga kamayishi mumkin.

Mehnat huquqiga oid maqolalarni Mehnat huquqi telegram kanalida ham kuzatib boring.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ish haqi

Ulashish