Attestatsiyada g‘irrom o‘yinlar bo‘lyaptimi?

So‘nggi paytlarda pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab e’tirozli xabarlar tarqalmoqda. Xalqtaliminfo.uz tahririyatiga ham pedagog xodimlardan 500 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
Xususan, Samarqandda malaka sinovlarida qatnashib chiqqan nomzodning test jarayonidan chiqib bo‘lganligiga qaramay, u onlayn efirda ichkarida turganligi hamda Andijon viloyatida boshqa bir nomzodning telefondan foydalanayotganligi aks etgan tasvirlar ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan yana bir holatlardan biri - bu bitta kompyuterda ikki nafar pedagog xodim tomonidan test savollarini ishlayotganligi aks etgan holatdir.
Undan tashqari, pedagoglarning attestatsiya test jarayonlari bo‘lib o‘tayotgan binoda ommaviy ravishda shikoyat qilayotganliklari hamda ba’zi pedagoglarning sog‘ligida muammolar kuzatilganligi aks etgan videolar ham tarqaldi.
Eng katta e’tirozlar esa testlarning murakkab tuzilganligi hamda internetda tarqalayotgan test savollarining javoblari bilan bog‘liq.
Xalqtaliminfo.uz ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida pedagog kadrlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tayotgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi, 83-uy.) da bo‘ldi va vazirlik mas’ullarining aynan o‘zidan yuqoridagi holatlarga aniqlik kiritdi.
Samarqandda nima bo‘lgandi?
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqanddagi holatda onlayn translyatsiya tizimidagi nosozlik sabab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda uzilish va qotishlar bo‘lgan.
Ma’lumki, toifa sinovlari o‘tkaziladigan bino ichidagi kuzatuv kameralarining onlayn efiri cams.uzedu.uz veb-sayti orqali amalga oshiriladi. Biroq, bu sayt RTSP protokolini qo‘llab-quvvatlamagani uchun, video oqim maxsus kodirovka orqali uzatiladi.
Ushbu onlayn translyatsiya tizimida har 15 soniyada yangilanadigan video kadrlar saqlanadi. Sayt kompyuter brauzerida ochilgach, ko‘rsatilayotgan barcha kadrlar kesh xotirada (ya’ni vaqtinchalik xotirada) saqlanib qoladi.
Agar internet aloqasi uzilsa, brauzer avtomatik ravishda oxirgi uzilmasdan avval ko‘rsatilgan kadrlarni ko‘rsatishda davom etadi.
Bu muammoni bartaraf etish uchun sahifani oddiygina yangilash (refresh qilish) yetarli bo‘ladi. Yuqoridagi holatda esa, interaktiv panelda internet aloqasi uzilgan va natijada eski, ya’ni uzilishdan oldingi kadrlar ekranga chiqqan.
Videodagi o‘qituvchining test jarayonida olingan rasmlari va u sinovdan ketgandan keyingi holatini shaxsan o‘zimiz ko‘zdan kechirganimizda, u 52 ball to‘plab attestatsiyadan o‘tmagani ma’lum bo‘ldi.
Andijonda test vaqtida o‘qituvchi nega telefondan foydalandi?
Andijondagi holatda o‘qituvchining telefondan foydalanayotganligi aniqlangani haqidagi holatga aniqlik kiritganimizda esa, aynan o‘sha o‘qituvchi telefondan foydalangani uchun joriy yil 19-aprel kuni uning barcha natijalari bekor qilinib, attestatsiyadan chetlashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
“Aslida mana shunday holatlarga barham berish uchun ham jarayonni shaffof tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga beryapmiz. Ba’zan biz barcha hududdagi attestatsiya jarayonini nazorat qilib turishga jismonan ulgurmaymiz.
Aynan jamoatchilik nazoratini ta’minlash uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirni yo‘lga qo‘ygandik. Agar yana shunday holat kuzatilsa, jamoatchilik faollaridan bu haqda bizga xabar berishlarini so‘ragan bo‘lardik”, deydi vazirlik mas’uli.
Nega ikki nafar pedagog bitta kompyuterda test ishlamoqda?
Ayrim hududlarda attestatsiya test sinovlarida bir testni ikki nafar o‘qituvchi ishlayotganiga ham guvoh bo‘ldik. Pedagoglar esa bunday holatga nega ruxsat berilganiga izoh so‘rab bizga ham murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda maktablarda ko‘zi ojiz o‘qituvchilar ham faoliyat yuritib kelayotgani uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga tarjimon-kotiba bilan birgalikda test ishlashiga ruxsat berilgan.
Tarjimon-kotibalar esa ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga testlarni o‘qib berishga yordam berish uchun jalb qilingan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘zi ojiz o‘qituvchilar tarjimon-kotiba bilan birgalikda test ishlayotgani aks etgan suratlarni bizga taqdim etdi.
Attestatsiya vaqtida ommaviy noroziliklar kelib chiqdimi?
Pedagoglar attestatsiyasi jarayonidan norozi o‘qituvchilar videosi aks etgan holatni o‘rganganimizda, bu holat attestatsiya test jarayonlari bilan bog‘liq emasligi, aslida bu menejerlik sertifikati uchun bo‘lib o‘tgan test jarayonida o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan holat ekanligi aniqlandi.
“X variantlar” sotilyaptimi?
Pedagog xodimlar attestatsiyada tushadigan test savolliklari, xalq orasida “X variant” deb nom olgan test javoblarining tarqatilayotgani, ayrim holatlarda esa test javoblari sotilayotganidan shikoyat qildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mulozimlari bizning bu savolimizga “Yo‘q, unday emas. Test savolliklari hech qachon sotilmagan, buning imkoni yo‘q", deya javob berdi. Vazirlik mas’ulining aytishicha, shunchaki savollarning umumiy mazmuni bir-biriga mos kelgani uchun ko‘pchilikda shunday shubha uyg‘ongan bo‘lishi mumkin.
Afsuski, tarmoqlarda tarqalayotgan “X variant”ni attestatsiyadagi testlar bilan solishtirib ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. Shu sababli, bu masala qisman ochiq qoldi.
Ammo vazirlik mulozimi istalgan vaqtda bunday holat bo‘lmaganligini asoslab berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Testlar o‘ta murakkab tuzilganmi?
Aslida o‘qituvchilarning eng ko‘p e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holat test savollarining o‘ta murakkabligidir.
Attestatsiya sinovlarida ishtirok etgan pedagoglar test savollari o‘ta murakkab tuzilgani sababli vaqt yetishmayotganidan shikoyat qilmoqda. Ayrimlar esa testlarning spetsifikatsiyaga mos tuzilmaganini aytmoqda.
Ushbu masalaga ham aniqlik kiritish maqsadida vazirlik mas’ullariga yuzlanganimizda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tez orada pedagog kadrlar attestatsiyasi mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun kengaytirilgan matbuot anjumani tashkil etilishi, soha mutaxassislari, testolog, shuningdek, o‘qituvchilar ishtirokida esa attestatsiya test savollari tahliliga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, attestatsiya testlari tahlilini “Tanaffus” podkastining navbatdagi sonida ham muhokama qilish reja qilinmoqda. Hozirda bu borada vazirlik bilan muzokaralar davom etyapti.
Izohlar 30
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Barcha hududiy boshqarma boshliqlariga BYD avtomobili berildi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbariyati tarkibida o‘zgarishlar bo‘ldi

Toshkentdagi 3 ta maktabga 1 milliardga yaqin pul ajratildi

Xalq ta’limi Info tahriryati rahbari Bolalar ombudsmani bilan uchrashdi
Mavzuga doir yangiliklar

Ta’lim muassasalarida uzoq yillardan buyon rahbarlik lavozimini hech kimga bermay kelayotgan shaxslar tanqid qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva rahbarlik lavozimini uzoq muddat hech kimga bermay kelayotgan shaxslarni qattiq tanqid qildi.

“O‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazib qo‘yish uchun 10 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ yig‘ilgan” — DXX
Pedagog xodimlarni attestatsiya hamda kasbiy sertifikatlashdan o‘tkazib qo‘yish maqsadida amalga oshirilgan bir qancha noqonuniy harakatlar fosh bo‘ldi.

O‘qituvchilardan ommalashtirilgan ish uchun pul talab qilindi, bunda vazirlikka aloqador tashkilotlarning ham qo‘li bormi?
Masalaning qiziq jihati shundaki, ishlari maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarning shaxsiy telefon raqamiga 4546 raqamidan SMS xabarnomalar yuborilgan. Ushbu xabarda esa maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun PDF shakldagi sertifikatni 49 ming so‘m evaziga yuklab olish taklifi berilgan.

Uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyada qatnashmaganlar uchun test sinovlari qachon bo‘lishi ma’lum bo‘ldi
Xalqtaliminfo.uz bu masalaga aniqlik kiritish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Raximboyev bilan bog‘landi.
Izohingizni tahrirlang