Bir guruh o‘qituvchilar vazirlikni sudga berdi
Joriy yilning 15-aprel sanasidan boshlab, 14-mayga qadar pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etdi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi.
Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58.9%) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmagan.
Attestatsiya test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan o‘qituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqaldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Radjabov esa test topshiruvchilar o‘zining balidan qoniqmagan bo‘lsa yoki berilgan savol spetsifikatsiyadan tashqari deb hisoblanayotgan bo‘lsa, shuningdek u yerda xatolik bor deb hisoblasa, appelyatsiya berishi lozimligini eslatdi.
Ammo attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborildi. Bu esa pedagoglarning turli xil e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Ko‘plab pedagoglar bu holatni haqiqatdan ham test savollarining o‘ta murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohladi.
Shundan so‘ng, xalqtaliminfo.uz tahririyatining “Tanaffus” podkastida ta’lim ekspertlari tomonidan attestatsiya jarayonini tashkil etishdan tortib, o‘qituvchilarning asosiy noroziligiga sabab bo‘layotgan testlar validligi haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.
O‘qituvchilar vazirlikni sudga berdi
Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, bir guruh o‘qituvchilar tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritildi.
Mazkur sud ishida advokatlar Karimjonov Muhammadamin hamda Xatamjonov Nazirjonlar pedagoglarning huquqlarini himoya qiladilar.
Ma’lum bo‘lishicha, pedagoglar 2025-yilda ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini g‘ayriqonuniy deb hisoblamoqda.
Pedagoglar tomonidan sudga kiritilgan da’vo arizasida attestatsiya jarayonlariga oid 9 ta e’tirozli holatlar keltirilgan bo‘lib, ulardan eng asosiy urg‘u test savollarining murakkablik darajasi belgilangan vaqt me’yoriga mutanosib emasligi hamda savollar tuzish jarayonida validlik va testologiya qoidalariga rioya etilmaganligiga qaratilgan.
Shuningdek, da’vo arizasida keltirilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi Apellyasiya komissiyasi tomonidan pedagoglarning shikoyatlari asosli, huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deya topilib, rad etilgan.
Ammo, Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yildagi 572-sonli qarorning 60-bandida apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan e’tiboran 5 kun muddatda murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, ushbu talablar vakolatli organ tomonidan bajarilmagan.
Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga pedagog kadrning bilimi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar borligi, shuningdek, sinovlarni o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar bo‘lganligi sababli attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, shuningdek pedagoglarga yetkazilgan ma’naviy zararni undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan.
O‘qituvchilarning sudga murojaat qilgani – jamiyatimizda fuqarolarning huquqiy ongi oshib borayotganligining yorqin dalili desak bo‘ladi. Bu faqat norozilik ifodasi emas, balki pedagoglarimiz orasida nizolarni demokratik tamoyillar asosida, qonuniy yo‘l bilan hal qilish madaniyatining shakllanayotganini ko‘rsatadi. Sud muhokamasi jarayonida ta’lim tizimidagi kamchiliklar ochiq muhokama etilishini, juda ham yaxshi tendensiya deb hisoblaymiz.
Bugun o‘z haqini talab qilayotgan o‘qituvchi ertaga huquqiy asosda kuchli ta’lim tizimini barpo etishda asosiy kuch bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, bu holatni salbiy emas, balki ijobiy – tizimda hisobdorlik va shaffoflik sari tashlangan navbatdagi qadamlardan biri sifatida baholash lozim.
Adolat va javobgarlik tamoyili ustuvor bo‘lgan jamiyatda chinakam islohotlar amalga oshadi. Sud esa bu yo‘ldagi hal qiluvchi maydonlardan biridir.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, xalqtaliminfo.uz tahririyati mazkur sud jarayonini bosqichma-bosqich yoritib borishga tayyor va bu orqali nafaqat pedagoglarning, balki keng jamoatchilikning ham xolis va haqqoniy axborotga ega bo‘lishini ta’minlashga intiladi.
Izohlar 65
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov bilan to‘liq qamrab olinadi, 10 ta oliygoh Top-1000 ga kiritiladi — prezident farmoni
Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama belgilash tartibi avtomatlashtiriladi
19-noyabrdan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichi boshlanadi
“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Attestatsiya vaqtida kompyuter ishlamay qolsa nima qilish kerak?
Attestatsiya jarayonida test topshirayotgan paytimda kompyuter ishlamay qolsa yoki texnik nosozlik sababli testni davom ettira olmasam, bu holatda testni qayta topshirishim mumkinmi?
So'ragan edingiz
Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 70 foizlik ustama uchun ball beradimi?
Qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga beriladi.
So'ragan edingiz
Haj safari sababli attestatsiyada qatnasha olmagan o‘qituvchilar uchun imkoniyat beriladimi?
Uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunlar Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan e’lon qilinadi.
Yangiliklar
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Mazkur holat yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholaş ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida Farg‘ona viloyatidagi 26-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi X.N.K. ruxsat etilmagan maxsus qurilma yordamida test savollarini suratga olgani aniqlandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang