Top.Mail.Ru
Vazir ustamasi saralash bosqichiga doir e’tirozlar bormi?

Vazir ustamasi saralash bosqichiga doir e’tirozlar bormi?

16:04 / 23.02.2025 491

Xabaringiz bor, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan joriy yilda Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama olish uchun 1-bosqich (test) sinov jarayonlari 25-fevral kuni o‘tkazilishi belgilandi.


Test sinovlari belgilangan quyidagi hududiy manzillarda “test.uzedu.uz” platformasi orqali real vaqt rejimida onlayn o‘tkazilishi reja qilinmoqda.


Bunda nomzodlarning o‘zi dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Test sinovlari (40 ta) uchun 100 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 2,5 ball beriladi.


Test sinovi natijalariga ko‘ra, maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar keyingi bosqichga yo‘l oladi.


O‘tkaziladigan test sinovlari yuzasidan ayrim pedagoglarda e’tirozlar bor


Pedagog xodimlarning e’tirozlari shundan iboratki, test sinovlari uchun ajratilayotgan vaqtni belgilashda fanlarning murakkablik darajasi inobatga olinmasdan, barcha fanlar uchun test ishlashga 100 daqiqa vaqt ajratilgan.


O‘qituvchilarning aytishicha, matematika, fizika yoki kimyo fanidan beriladigan test savollarini yechish, boshqa fanlarga nisbatan ko‘proq vaqt talab qiladi. Lekin vazirlik barcha fanlar uchun bir xil – 100 daqiqa vaqt ajratilishini ma’lm qilgan.


Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning respublika bo‘yicha cheklangan soni va nomzodlarni saralash bo‘yicha reglament tasdiqlangan.


Haqiqatdan ham ushbu reglamentda belgilangan talablarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, fanlarning murakkablik darajasiga e’tibor qaratilmaganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.


Ya’ni, mazkur reglamentda ham 40 ta test savolliklari uchun 100 daqiqa vaqt ajratilishi nazarda tutilgan. Bizningcha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu kabi holatlarni ham inobatga olib, reglamentga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi lozim.


Ustama uchun kvotalar to‘lmay qolgan taqdirda nega yana test o‘tkazilmaydi?


Bu masala ham pedagog xodimlarning ancha vaqtdan buyon turli xil e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 


Hech kimga sir emaski, hududlardagi ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengashlar tomonidan tuman (shahar) uchun belgilangan kvotaga nisbatan  nomzodlarni saralash uchun vazirlik (Ishchi guruh)ga taqdim etishda shaffoflik mavjud emas.


Ya’ni, har yili pedagog xodimlar tomonidan xalqtaliminfo.uz tahririyatiga vazir ustamasiga nomzodlarni tavsiya qilishda korrupsiya, mahalliychilik, “tanish-bilishchilik” holatlari uchrayotgani haqida turli xil e’tirozlar yetib keladi.


Haqiqiy nomzodlarning aksariyati vazirlikka taqdim etilmaganligi uchun har yili vazirlik tomonidan belgilangan kvota to‘lmay qoladi. Misol uchun, 2023-yilda vazir ustamasi uchun kvota 2000 nafar etib belgilanib, ulardan 1697 nafari vazir ustamasiga tavsiya qilingan. 2024-yilda esa ushbu kvota 1250 nafar etib belgilanib, ulardan 1005 nafarigina vazir ustamasiga tavsiya qilingan.


Ammo 2023-yilda ham, 2024-yilda ham vazir ustamasi uchun kvotalar soni to‘lmay qolgan bo‘lsa-da, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ushbu kvotalarning o‘rnini to‘ldirish uchun harakat qilinmagan.


Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazir jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom”ning 6-bobida har oylik ustama va bir martalik pul mukofoti uchun ajratilgan kvotalar asosida nomzodlar saralanmay qolgan yoki mukofot va ustama oluvchi shaxslar soni kvotadan kam bo‘lgan taqdirda, Ishchi guruhning tegishli qaroriga muvofiq kvotalarni qayta ko‘rib chiqish vakolati bilan qo‘shimcha saralash o‘tkazilishiga ruxsat berilgan.


O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yuqoridagi e’tirozlarni inobatga olib, pedagog xodimlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratish choralarini ko‘radi. 

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazir jamg'armasi

Ulashish