Top.Mail.Ru
Yangi ta’lim vaziri bo‘yicha qarorni kimlar chiqaradi?

Yangi ta’lim vaziri bo‘yicha qarorni kimlar chiqaradi?

19:04 / 17.07.2025 1.53k

Xabaringiz bor, 2022-yil 30-dekabrdan buyon Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Hilola Umarova joriy yil 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.



Hozirda esa Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri lavozimi bo‘sh bo‘lib, yangi vazir tayinlanguniga qadar belgilangan tartib asosida vazirning lavozim vazifalarini vaqtincha bajarib turish uning o‘rinbosarlaridan biriga yuklatilgan.


Vazir nomzodi kim tomonidan taqdim etiladi?


Maktabgacha va maktab ta’lim vazirini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi. Ammo, vazirni lavozimga tayinlash jarayoni bir nechta bosqichlardan iborat.


Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94-moddasiga ko‘ra vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun prezident tomonidan taqdim etiladi. 



Vazir lavozimiga nomzod mas’ul qo‘mita, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma’qullanadi yoki ma’qullanmaydi.


Konstitutsiyaning 109-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonunning 7-moddasiga ko‘ra vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlaydi.



Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.


Qonunchilik palatasi vazir lavozimiga nomzodni rad etgan taqdirda, prezident Qonunchilik palatasiga yangi nomzodni ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun kiritadi.


Shu tariqa, vazir lavozimiga tayinlash jarayonida ham prezident, ham Qonunchilik palatasi ishtirok etadi. Ya’ni, vazirni lavozimga tayinlash bo‘yicha yakuniy qarorni prezident qabul qiladi, ammo bunga Qonunchilik palatasining ham roziligi kerak bo‘ladi.


Bu tartib ijro hokimiyati vakili, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining xalq vakillari — parlament nazorati ostida lavozimga tasdiqlanishini ta’minlash maqsadida joriy qilingan.


Vazir bo‘lishni istagan shaxs nima qilishi kerak?


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri nomzodi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda u Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik choralarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etishi kerak bo‘ladi.


Ya’ni, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga nomzodlik qilayotgan shaxs, Qonunchilik palatasi uni tasdiqlashdan oldin o‘zining aniq rejasi bilan chiqishi kerak bo‘ladi.


Bu reja sodda qilib aytganda,  “Agar vazir bo‘lsam, nimalarni o‘zgartiraman, qanday islohotlarni amalga oshiraman, qanday maqsadlarga erishaman va bunga qanday yo‘llar bilan erishaman?” degan savollarga javob bo‘lishi kerak.


Shuningdek, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu reja Vazirlar Mahkamasining umumiy harakatlar dasturi bilan ham mos kelishi kerak. 


Vazirlikka nomzod faqat uning o‘rinbosarlari orasidan tanlanadimi?


Qonunchilikda vazir lavozimiga nomzod sifatida faqatgina uning o‘rinbosarlari ko‘rsatilsin, degan qoida yo‘q. Shu sababli, istalgan shaxs vazir lavozimi uchun tavsiya etilishi mumkin.


Ya’ni, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, vazir lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi uchun faqatgina prezident tomonidan taqdim etiladi. 


Vazir lavozimiga kimni tavsiya etish esa, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti vakolatidagi masala hisoblanadi. Ammo, ushbu lavozimga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosarlari orasidan biri ham tavsiya etilishi mumkin, ya’ni bunga ham cheklov yo‘q.


Shunday ekan, vazir lavozimiga nomzod tanlashda hech qanday lavozimiy cheklovlar mavjud emas — asosiy shart, nomzod prezident tomonidan ko‘rsatilishi va parlament tomonidan ma’qullanishidir.


Xulosa qilib aytganda, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanish jarayoni qonuniy asosda va bir necha bosqichda amalga oshiriladi. 


Bu jarayonda prezident asosiy tashabbuskor bo‘lsa-da, Qonunchilik palatasining roziligi ham muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, nomzoddan nafaqat salohiyat, balki aniq harakatlar rejasi ham talab etiladi.


O‘qituvchilar orasidan vazir chiqqanmi? Maqolani oqish...

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazirlik

Ulashish