Maktabgacha va maktab ta’lim tizimi mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilgan sohalardan biri deb topildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilish holatlari kuzatilgan davlat idoralari tahlil qilindi hamda joriy yilning 26-iyun kuni mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat qonunchiligining eng ko‘p buzilish holatlariga bir nechta davlat idoralari qatori Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida ham yo‘l qo‘yilgan.
Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida 2024-yilda ishga tiklash, ish haqi undirish va boshqa mehnat nizolari bilan bog‘liq sudlarda ko‘rilgan jami 2 078 ta fuqarolik ishining 1 364 tasi (66 foiz) qanoatlantirilib, tizimda mehnat qonunchiligi normalari buzilishi oqibatida da’vogarlar foydasiga 14 mlrd so‘m ish haqi hamda qo‘shimcha 2,5 mlrd so‘mlik majburiy progul uchun haq va ma’naviy zararlar undirish haqida qarorlar qabul qilingan.
Ushbu tizimda Surxondaryo (294 ta), Qashqadaryo (269), Farg‘ona (262), Samarqand (246), Navoiy (174), Toshkent (152) viloyatlari va Toshkent shahrida (144) mehnat qonunchiligini eng ko‘p buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 7-iyuldagi 109-k-sonli buyrug‘iga ko‘ra maktab direktori lavozimida ishlab kelgan I.Eshanov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismi 2-bandiga (mehnat shartnomasini taraflarning xohish irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish) asosan bekor qilingan.
Unga ko‘ra ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘la turib, bunday chora ko‘rilmagan. Oliy sudning 2024-yil 14-iyundagi ajrimi bilan I.Eshanov Qo‘ng‘irot tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 33-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga ishga tiklangan va uning foydasiga 60 mln so‘m ish haqi undirish haqida qaror qabul qilingan.
Aksariyat hollarda davlat tashkilotlari va idoralari rahbarlari tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimlarni ishga tiklash bo‘yicha sud qarorlari ijrosini o‘z vaqtida bajarmasdan, uzoq vaqt paysalga solib kelinishi nafaqat fuqarolarning noroziligiga, balki xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar ham to‘lanishiga sabab bo‘lmoqda.
Misol uchun, fuqaro D.Islamova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ta’lim sifatini monitoringi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2023-yil 4-avgust kunidagi qaroriga ko‘ra ishga tiklangan.
Biroq ish beruvchi tomonidan sud qarori ijrosi o‘z vaqtida ijro etilmaganligi bois u sudga majburiy progul uchun ish haqini undirish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Oqibatda fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2024-yil 23-dekabrdagi qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan D.Islamovaning foydasiga 294 mln so‘m ish haqi va 20 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Bu esa, haqli e’tirozlar ko‘payishiga, adolatsizliklar yuzasidan fuqarolar shikoyatlari soni keskin ortishiga sabab bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, sud orqali ishga tiklangan ayrim xodimlar davlat tashkilotlari rahbarlari tomonidan o‘z ishiga tiklangan bo‘lsa-da, keyinchalik yana takroran noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatish holatlari kuzatilgan. Ushbu xodimlar sud orqali takroran o‘z ishiga tiklanishi oqibatida davlat tashkilotidan xodim foydasiga undirilayotgan summalar miqdori oshgan.
Oliy Majlisining Senati qarorida aytilishicha, 2024-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehnat qonunchiligiga oid 7 578 ta murojaat kelib tushgan.
Endilikda, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidov parlament so‘rovini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha 2025-yilning 30-sentabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda mehnat qonunchiligining eng ko‘p buzilishi holatlari maktablarda (5 612 ta), undan keyingi o‘rinda maktabgacha ta’lim muassasalarida (2 173 ta) kuzatilgan.
2023-yilda mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilgan sohalar bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi “birinchilikni” egallagan.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Endi maktabdagi vakansiyalar haqida hisobot berish shart bo‘lmaydi

Endi abituriyentlarga oliygohga kirish muammo bo‘lmaydi

Yangi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ilk bor ko‘rinish berdi

O‘qituvchilarni maktab “remontiga” jalb qilgan direktor ishdan bo‘shatilib, unga 41,2 mln so‘m jarima solindi
Mavzuga doir yangiliklar

Endi maktabdagi vakansiyalar haqida hisobot berish shart bo‘lmaydi
Shuningdek, bandlik organi yo‘llanmasi bilan bo‘sh ish o‘rniga kelgan nomzodni ishga qabul qilinmagan taqdirda, ish beruvchi sabab keltirishi shart bo‘lmaydi va buning uchun ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

“Dolzarb 90 kunlik” tadbiri uchun pedagoglar yakshanba kuni ham ishga chaqirtirilishi to‘g‘rimi?
Mehnat kodeksining 209-moddasiga ko‘ra, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi.

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tizimiga o‘tayotgan 13 ta oliygoh xodimlari ishdan bo‘shatiladimi?
Tashkilotning idoraviy bo‘ysunuvi o‘zgarganligi xodimlar bilan mehnat munosabatlarini bekor qilishga asos bo‘lmaydi.

O'zbekistonda Ta'lim kodeksini qabul qilish taklifi berildi
Bu taklifni vazir Hilola Umarova ham qo'llab-quvvatladi
Izohingizni tahrirlang